Parlamentda ko‘pchilikning ovozi inobatga olinmadi (video)
Jamiyat
−
23 iyul
12847Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida deputatlar tanaffusga chiqish masalasini muhokama qildi. Oxir-oqibat kamchilik ko‘pchilik ustidan g‘alaba qozondi.
“Reglament bo‘yicha tanaffusga chiqishimiz kerak. Yana 4 ta asosiy masalamiz qoldi. Hozir yoki tanaffus qilmasdan davom ettirishimiz yoki tanaffus qilib, soat uchda davom ettirishimiz mumkin. Soat to‘rtda Hukumat soati bor. Nima deysizlar?”, degan spiker Nurdinjon Ismoilov.
Tanaffus qilmasdan yig‘ilishni davom ettirish haqidagi taklif ovozga qo‘yildi. Natijalarga ko‘ra, 89 nafar deputat tanaffussiz davom ettirish taklifini qo‘llab-quvvatladi, 13 nafari esa bunga qarshi bo‘ldi. Bir kishi betaraf qoldi, 15 deputat esa ovoz bermadi.
Shundan so‘ng spiker taklifni yana ovozga qo‘ydi. Bu safar qo‘llab-quvvatlovchilar 89 nafarga, qarshilar esa 22 nafarga yetdi.
“Men tushunmadim, nima qilamiz, davom etaylikmi? Yoki tanaffus e’lon qilamizmi?”, deya takror so‘radi spiker.
Ushbu taklif bo‘yicha fikr bildirgan deputat Jahongir Shirinov “kamchilik ko‘pchilikka bo‘ysunishi kerakligi va ko‘rib chiqishni davom ettirish kerak”ligini aytdi.
“Men ishni davom ettirishga roziman, lekin bitta narsani hisobga olishimiz kerak, 22 odam hozir kayfiyat bilan ishlamaydi”, degan spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov.
Shundan keyin parlament yig‘ilishida kam ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, deputatlar tanaffusga chiqdi.
"Ko‘pchilikning fikrini e’tiborga olamiz, lekin tanaffus e’lon qilaylik. Soat 15:00 gacha tanaffus", dedi spiker.
LiveBarchasi