Parijda yana norozilik. Bu safar fermerlar bosh ko‘tardi

Olam

image

Bugun, 8 fevral kuni fransuz fermerlari Yevropa Ittifoqining eng yirik qishloq xo‘jaligida fermer xo‘jaliklari ishlab chiqarishiga tahdid solayotgan pestitsid (zarakunandalarga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy dorilar) cheklovlari va boshqa ekologik qoidalarga qarshi norozilik bildirish uchun Parijga yuzlab traktorlarni haydab kirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, fermerlarning mazkur harakatiga Yevropa Ittifoqi sudining o‘tgan oydagi qarori sabab bo‘lgan. Chunki ushbu qaror ortidan qand lavlagi yetishtiruvchilariga Yevropa Ittifoqi tomonidan taqiqlangan insektitsid (zararkunanda hasharotlarni yo‘qotish uchun ishlatiladigan kimyoviy modda)dan foydalanishga ruxsat beruvchi Fransiya siyosati bekor qilingan. Bu esa lavlagi ekishning yanada qisqarishi va shakar zavodlarining yopilishidan xavotir uyg‘otgan.

“Bizning ishlab chiqarish vositalarimiz yechimsiz taqiqlar tufayli buzilmoqda”, deydi Fransiyaning asosiy fermerlar uyushmasi FNSEA bosh kotibi Jerom Despi.

“Makron qishloq xo‘jaligini yo‘q qilmoqda”, “Fermeringni asra” degan bannerlar osilgan traktorlar markaziy Parij bo‘ylab yurib, Fransiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi yonidagi Invalides yodgorligi oldidagi yig‘ilishga qo‘shilgan. 

Boshqa tarafdan, atrof-muhit faollari pestitsidlar qoldiqlari tuproq va yovvoyi tabiatga zarar yetkazishini aytib, Yevropa Ittifoqining asalarilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan insektitsidlar bilan ishlov berilgan qand lavlagi urug‘laridan foydalanishga qarshi qarorini olqishlagan.

“Yerdagi hayot va dehqonchilik uchun ajralmas bioxilma-xillik qurbon qilinmasligi kerak”, deydi pestitsidlarga qarshi “Generetions Futures” guruhi taqiqni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotida.

Fermerlar esa qand lavlagi asalarilarni o‘ziga jalb qilmasligi va taqiq o‘simlikning kasallanishiga olib kelishini aytmoqda. Buning oqibatida esa mamlakatda ishlab chiqarish kamayib, import miqdori ortishi taxmin qilinmoqda.

Fransiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ertaga, 9 fevral kuni qand lavlagi sektori vakillariga reja taqdim etilishini ma’lum qilgan. CGB qand lavlagi yetishtiruvchilar guruhining ta’kidlashicha, Qishloq xo‘jaligi vaziri qand lavlagi yetishtiruvchilari bilan agar bu yil o‘simlik kasallanishi ortidan hosil yo‘qotilsa, femerlarning zarari to‘liq qoplanishiga kelishib olgan.

“Biz qoniqqanimiz yo‘q, ammo hozircha bu fermerlarga 2024-2025 yillar uchun ekish va boshqa yechimlarni topishga imkon berishi kerak”, deydi CGB prezidenti Frank Sander.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Parij fermerlar norozilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing