Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi daryo bo‘yida o‘tkaziladi

Sport

image

Fransiyaning Parij shahrida 2024 yil yozida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi O‘yinlar tarixida ilk bor stadionda o‘tkazilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 17-18 iyul kunlari Fransiya poytaxtida bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarining tayyorgarligiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tgan. Musobaqa tashkiliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur tadbirda butun dunyodagi Olimpiya qo‘mitalaridan delegatlar ishtirok etgan. Unda O‘zbekiston nomidan qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov hamda Xalqaro aloqalar departamenti mutaxassislari qatnashgan.

Seminar avvalida Parij-2024 haqidagi umumiy ma’lumotlar jamlangan taqdimot o‘tkazilgan. Unda bir qator qiziqarli jihatlarni uchratish mumkin. Jumladan, ko‘pchilikning e’tiborini tortgan holat musobaqa ochilish marosimi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi o‘yinlar tarixida ilk bor stadionda emas, daryo bo‘ylab o‘tkaziladi. Sena daryosi qabul qiladigan ushbu tarixiy voqelik 2024 yilning 26 iyul kuniga belgilangan.

Tadbir tashkilotchilarining bildirishicha, bu orqali marosimni jonli tomosha qilishni istagan muxlislar sonini ko‘paytirish mumkin. Rejaga ko‘ra, ochilish marosimini kamida 500 mingdan ortiq tomoshabin daryo bo‘yida kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Seminar davomida marosimning birinchi repetitsiyasi ham o‘tkazilgan. Unda sinov tariqasida 39 ta kema daryoda soatiga 9 kilometr tezlikda belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlangan.

Anjuman doirasida Olimpiya o‘yinlarida qatnashadigan delegatsiyalar uchun qo‘yiladigan talablar bo‘yicha ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, endilikda tashrif buyuradigan mehmonlar uchun ilk bor viza tizimi joriy etiladi. Qayd etish joizki, bungacha barcha Olimpiya o‘yinlarida ishtirokchilarning akkreditatsiyasi bir vaqtning o‘zida viza vazifasini ham bajargan. 

Shuningdek, tadbir davomida Oybek Qosimov tomonidan tashkiliy qo‘mitaga mamlakat ramzlari - O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i va madhiyasi namoyish etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Olimpiya o'yinlari Parij-2024

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing