Parij qahramonlari O‘zbekistonga qaytdi

Sport

9 sentyabr kuni tarixda o‘n yettinchi bor o‘tkazilgan Paralimpiada qahramonlari yurtga qaytib keldi. Sportchilarning yaqinlari, OAV va keng jamoatchilik vakillari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida katta tantanalar bilan paraatletlarni kutib olishga shaylandi.

Nihoyat, Parij qahramonlari qo‘llarida gul bilan birin-ketin aeroport yo‘lagidan chiqib kela boshladi. Delegatsiya bayroqdori Husniddin Norbekov mamlakat bayrog‘ini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga topshirdi. O‘z navbatida, Aripov so‘zga chiqib, erishilgan natijalar bilan barchani tabrikladi. O‘zbekiston xalq artisti Sevara Nazarxon va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovalarning vatan haqidagi qo‘shiqlari yangrab bo‘lgach, parasportchilar oila a’zolari bilan birgalikda ikki qavatli avtobuslarga chiqib, Toshkent shahrini kezib, ularni kutib olishga chiqqan yuzlab yurtdoshlariga salom yo‘lladi. 

Parasportchilar joy olgan avtobuslar O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi binosiga yetib keldi. Bu yerda esa Parij Paralimpiadasida sovrindor bo‘lgan sportchilar Senat raisi Tanzila Norboyeva va Sport vaziri Adham Ikromovning qo‘lidan Prezident sovg‘alarini qabul qilib oldi.

Paralimpiada g‘oliblariga 200 ming AQSH dollari, ikki qavatli kottej va Tahoe avtomobili, 2-o‘rin sohiblariga 100 ming AQSH dollari, uy va BYD, bronza medal egalariga esa 50 ming dollar, BYD va uy kalitlari topshirildi.

Albatta, erishilgan natijalarda parasportchilarning murabbiylarining ham mehnati katta. Ayniqsa, para yengil atletika bo‘yicha terma jamoa bosh murabbiyi Sardor Abduxoliqov QALAMPIR.UZ’ga shogirdlarining bugungi natijalari yuzaga kelishiga yillab vaqt ketganini va medallar zamirida katta mehnat yotganini bildirdi.

Parasportchilar sovg‘alarni qabul qilib oldi. Ularning avtomobillarini yo‘l-patrul xizmati xodimlari to manzillariga qadar boshqarib boradigan bo‘ldi. Bir necha kun ichida parasportchilar ikki qavatli kottejlarni ham qabul qilib oladi. Jasorat va matonat sohiblarining Parij ertagi ana shunday xotima topdi. Buyog‘iga oldindagi to‘rt yillik uchun o‘zbek sporti tizimida Los-Anjeles 2028 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlikka start beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Parij Sport Paralimpiada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made