Panjsherdagi qarshilik kuchlari boshqa viloyatlarga ham tarqaladi — Afg‘oniston elchisi 

Olam

image

Afg‘onistonning tog‘li Panjsher viloyatidagi “Tolibon” harakatiga qarshilik kuchlari mamlakatning boshqa viloyatlariga ham tarqalishi mumkin. Bu haqda Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar ma’lum qildi.  

“Ishonchim komilki, qarshilik bu viloyatdan Afg‘onistonning boshqa viloyatlariga ham tarqaladi. Haqiqiy vatanparvar jangchilar Panjsherda yashaydi. Ular Ahmad Mas’udni qo‘llab-quvvatlaydi va oxirigacha qarshilik ko‘rsatadi. Toliblar sovet generallarining tajribasini o‘rganishi kerak, ular o‘tgan asrning 80-yillarida Panjsherda qanday jang qilishgandi (lekin ular mintaqani to‘liq nazorat qila olmagan — tahr.)”, degan elchi. 

Muhammad Zohir Agbarga ko‘ra, bundan 25 yil oldin toliblar deyarli butun mamlakatni egallab olgan, lekin Panjsherni ololmagan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Panjsher

Baholaganlar

334

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing