Panjsher quladimi? Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti Solih Tojikistonga qochgani aytilmoqda

Olam

image

Turli xil ommaviy axborot vositalarida Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrulloh Solih “Tolibon”ga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatidan Tojikistonga qochib ketgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Xususan, TACC nashrining manbasi Panjsherda vaziyat ancha og‘ir ekanligi va sobiq vitse-prezident Amrulloh Solih kecha, 3 sentyabr kuni Panjsherni tark etib, Tojikistonga qochib ketganini aytgan.

Qayd etilishicha, Amrulloh Solih Tojikistonga ketishidan oldin o‘zining Twitterʼdagi sahifasida xalqaro hamjamiyatdan Panjsherdagi holatga e’tibor berishini so‘rab, “Tolibon” harakatini mintaqada elektr va telefon aloqalarini uzishda, shuningdek, odamlarni tibbiy va gumanitar yordamdan mahrum qilishda ayblagan. 

Oradan biroz o‘tib, Amrulloh Solih videomurojaat bilan chiqib, u qochmagani va hamon Panjsherda ekanligini ta’kidladi.

“Men mamlakatni tark etganim va Afg‘oniston tashqarisida ekanligim haqidagi xabarlar dushmanlarning targ‘ibotidir. Men Panjsherdaman”, degan u o‘zining videomurojaatida. 

Ma’lumot o‘rnida, “Tolibon” rasmiylari va Milliy qarshilik fronti delegatsiyasi o‘rtasidagi muvaffaqiyatsiz muzokaralardan so‘ng, harakat shu hafta boshida Panjsherga hujum uyushtirdi.

Avvalroq, OAVda “Tolibon” Panjsher viloyatini egallagani haqida xabar tarqaldi. Biroq, Afg‘oniston milliy qarshilik fronti bu ma’lumotni rad etdi.

Hozirda Panjsher viloyati uchun ashaddiy janglar ketayotgani aytilmoqda. Xususan, toliblar viloyatining muhim ahamiyatga ega Paryan tumanini egallagani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Shoh Mas’ud toliblar bilan muzokara o‘tkazishda Rossiyadan yordam so‘ragandi. U “Tolibon” bilan muzokaralarda faqatgina Moskva vositachi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

754

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing