“Panelnыy”dagi 15 sutkaliklar kameralari qay ahvolda? Jurnalist tashrifi

Jamiyat

Umr yo‘lingizning buguniga qadar biror qarindoshingiz yoki tanishingiz 15 sutkaga qamalganmi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bu qisqa vaqt ichida bir inson nimalarni ko‘rib ulgiradi? Qishning ushbu qaxraton kunlarida Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan xalq orasida “panelnыy” deya ataluvchi joyda bo‘ldik. Ma’muriy qamoq jazosini o‘tash muassasasida jurnalistlar bilan birgalikda jazo-kameralariga kirib ko‘rdik. 

OAV vakillariga ushbu qabulxonadagi shart-sharoit va tartiblarni muassasa rahbari Alisher Hoshimov shaxsan tanishtirdi. IIB mas’ul amaldori bu yerga asosan qaysi toifa huquqbuzarlari tushayotgani haqida gapirib o‘tdi.

“Yo‘l harakati qoidalarini buzganlar, aliment to‘lamaganlar bor. Ularga sud tomonidan ma’muriy tartibdagi qamoq jazosi tayinlanadi va shu yerga olib kelinadi. Bu yerdagilar shaxsini tasdiqlovchi xujjat va sud qarori bilan olib kelinadi. Bizda shaxsini tasdiqlovchi xujjati yo‘qlar saqlanmaydi. 

Ayollar orasida ichkilikbozlik va boshqa huquqbuzarlik qilganlar mavjud. Hozirda ular 8 kishi. 

Bu yerda saqlanayotganlarga yuvinish va kir yuvish uchun sharoit qilib berganmiz. Xohlagan vaqtida kir yuvishi va cho‘milishi mumkin. Faqat bu ishlar soat 06:00dan 22:00 gacha qilinishi lozim. Kechgi soat 22:00 dan keyin mahbuslar dam oladi. Ko‘chaga chiqish uchun ikki soat beriladi. Uyiga qo‘ng‘iroq qilishni xohlashsa, telefonda so‘zlashuvchi maxsus xonamiz bor. Kirib bemalol gaplashsa bo‘ladi”, deydi mayor Hoshimov. 

Muassasa rahbari bu maxsus muassasada jazoga tortilganlar va ularning kun tartibi haqida aytib o‘tdi. 

“Bizda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etib sutkalik qamoq jazosiga tortilganlar bo‘ladi. Ular jinoyatchi emas. Ular bilan imkon darajasida profilaktika ishlari olib boriladi. Ishlarga olib chiqamiz. Ko‘proq obodonlashtirish ishlarida mashg‘ul bo‘lishadi. 

Kun tartibi haqida aytadigan bo‘lsak. Ertalab 06-00da uyqudan turishadi. Xonalarni saranjom qilishadi va nonushtaga o‘tirishadi. Keyin havo yaxshi bo‘lsa, ko‘chaga olib chiqamiz. Ishga ketadigani ishga ketadi. Agar shu yerda bo‘lishsa, tushlik ichkarida bo‘ladi. Kechki ovqat soat 18:00da bo‘lib, undan keyin yuvinish, kir yuvish uchun ruxsat beriladi”, deydi mulozim. 

Ichki ishlar mayori bu joyda qiynoq va tazyiqlar qilinmasligini qat’iy ta’kidladi. Chiqib ketayotganlar “rahmat” aytib chiqib ketishi haqida gapirdi.  

Biz o‘z press-turimiz davomida ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotganlardan biri bilan ham suhbatlashdik. 25 yoshli jazoni o‘tayotgan shaxs bu joydagi isitish tizimini tanqid ostiga oldi.

“Bu yer judayam sovuq. Kameralarda isitish tizimi yaxshi ishlamaydi. Xodimlarning muomalasiga kelsak, ular judayam yaxshi va hushmuomala. Bitta yomon tomoni shu isitish tizimida”, deydi u.

Jazoni o‘tayotgan shaxs, shuningdek kamerada ayollar o‘rtasida bo‘lib turadigan janjallar haqida ham aytib o‘tdi. 

“Kamerada ba’zan ayollar o‘rtasida janjallar bo‘lib turadi. Mushtlashib ketishmaydi-ku, lekin o‘zaro to‘polon bo‘ladi. Kameralar juda sovuq”, deya yozg‘irdi jazoni o‘tayotgan shaxs. 


Maqola muallifi

Teglar

OAV Alisher Hoshimov

Baholaganlar

245

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing