Pandemiya ustidan g‘alaba haqida gapirishga hali erta – Putin
Olam
−
08 iyun 2021
5226Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirishni talab qiladi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shunday fikr bildirgan. Davlat rahbariga ko‘ra, virus ustidan g‘alaba qozonish haqida gapirishga hali erta, ammo pandemiyadan saboq olish kerak.
“Ko‘rinib turibdiki, muammolar soni doimiy ravishda o‘sib boradi va ularning aksariyati xalqaro barqarorlik va xavfsizlikka, dunyoning turli burchaklaridagi odamlar hayoti va farovonligiga tahdid soladi. Qurollarni nazorat qilish mexanizmlarining tanazzulga uchrashi, terroristik guruhlar faoliyati, kiberjinoyatchilikning kuchayishi va mintaqaviy mojarolarning ortishi kabi muammolar oldiga endi koronavirus epidemiyasi qo‘shildi”, degan Prezident.
Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, epidemiyaning jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari hamma joyda sezilmoqda.
“Bunday xavfli infeksiyaga qarshi kurash butun dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirishni, halol va teng huquqli hamkorlikni talab qiladi. Ammo, afsuski, hamma ham bunga tayyor emas edi. Koronavirus ustidan g‘alaba haqida gapirishga hali erta bo‘lsa ham, hozir bu baxtsizlikdan qanday saboq olishimiz, kelajakda shunday vaziyat yuzaga kelsa qanday harakat qilishimiz haqida o‘ylashimiz muhim”, degan Putin.
Ma’lumot uchun, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlangandi.
8 iyun holati bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab ushbu virusni yuqtirganlar soni 174 mln 429 ming 426 kishiga yetdi. 3 mln 753 ming 525 nafar bemor undan vafot etdi.
LiveBarchasi