Pandemiya sharoitida 2 mlrddan ortiq odam toza ichimlik suvisiz yashayapti – BMT
Olam
−
20 mart 2021
2862Toza ichimlik suvi va toza hojatxonalar imtiyoz emas. Bular inson qadr-qimmati va hatto yashash huquqi demakdir. Joriy yil 18 mart kuni BMT Bosh assambleyasining Suv va sanitariya masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yuqori darajadagi yig‘ilishi aynan shu g‘oyaga asoslandi.
Yig‘ilishda BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bugungi kundagi koronavirus pandemiyasi sharoitida Yer sayyorasidagi deyarli 3 milliard odam oqayotgan suvda qo‘l yuvish imkoniyatiga ega emasligini ma’lum qildi.
"Men ochiq aytmoqchiman, biz axloqiy inqiroz haqida gaplashyabmiz, yuqori texnologiyali innovatsiyalar davrida milliardlab odamlar toza ichimlik suvisiz yoki qo‘llarini yuvolmasdan yashayotganiga toqat qilsak, bunday vaziyatni qanday atash kerak?" degan rais.
Bosh assambleyaning yig‘ilishi Barqaror rivojlanishning oltinchi maqsadini amalga oshirishga bag‘ishlangandi.
U 2030 yilgacha ochiq defekatsiya amaliyotini butunlay yo‘q qilishni maqsad qilib qo‘ygan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad dunyoning oltinchi maqsadga erishishiga hali ancha vaqt bor, deb hisoblaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maqsadga erishish uchun hozirgi taraqqiyot tezligini to‘rt baravar oshirish kerak bo‘ladi.
Amina Muhammad iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi Yer sayyorasida suv tanqisligini yanada kuchayishiga olib keladi, deb qo‘rqishini ma’lum qilgan.
"2040 yilga kelib dunyodagi 18 yoshgacha bo‘lgan har to‘rtinchi bola, ya’ni 600 millionga yaqin bolalar va o‘spirinlar suv tanqisligi juda yuqori bo‘lgan hududlarda yashaydi", degan Amina Muhammad.
Bugungi kunda dunyoda ikki milliarddan ortiq odam toza ichimlik suvidan mahrum bo‘lib, 4 milliarddan ortiq kishi oddiy sanitariya sharoitida yashamoqda.
Bosh assambleya delegatlari barchani toza ichimlik suvi va zamonaviy hojatxonalar bilan ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi.
Ular toza suvni boshqarish tizimini takomillashtirishni tavsiya qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2010 yil iyul oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyaga ko‘ra, har bir kishi shaxsiy va maishiy ehtiyojlar uchun kuniga 50 dan 100 litrgacha toza ichimlik suvidan foydalanish huquqiga ega.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15