Pandemiya davridan keyin narkosavdo avj oldi – Shavkat Qayumov
Jamiyat
−
30 yanvar 1821 2 daqiqa
2020 yildan so‘ng O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni qariyb ikki barobarga oshdi. Bunga asosiy sabab sifatida chegaralardan an’anaviy giyohvandlik moddalari bilan birga sintetik narkotik moddalarning “formulalari” kirib kelayotgani ko‘rsatilmoqda. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktika oyligi”ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
Anjumanda, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentlik direktori o‘rinbosari Shavkat Qayumov sintetik narkotik moddalar savdosi aynan COVID-19 pandemiyasi davrida keng ommalashganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida narkojinoyatlar sonining ikki barobarga oshishiga onlayn savdoning ko‘payishi va sintetik moddalar laboratoriya sharoitida tayyorlanayotgani sabab bo‘lmoqda.
“Masala shundaki, COVID-19 davrida narkojinoyatlar keskin jadallashdi. Statistikaga qarasangiz ham, sintetik narkotik vositalar aynan 2020 yildan keyin dolzarb muammoga aylana boshlaganini ko‘rasiz. Endilikda chegaralardan narkotik moddalarning o‘zi emas, balki ularning formulalari olib kirilmoqda”, deydi Shavkat Qayumov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avvallari narkosavdo asosan ko‘cha-kuyda amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu jarayon masofadan turib, uyda o‘tirgan holda olib borilmoqda. Xususan, narkosavdogarlar buning uchun maxsus botlar va yashirin onlayn platformalardan foydalanadi.
Shuningdek, so‘nggi bir yarim yil davomida mazkur platformalarga qarshi maxsus strategiya ishlab chiqila boshlangani, bu tizim sun’iy intellekt asosida joriy etilgani qayd etildi. Mazkur texnologiyalar yordamida hozirda minglab botlar va kibersavdo kanallari fosh etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jamiyatda giyohvandlikka nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish hamda narkojinoyatlarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish zarurligi bo‘yicha tanqidiy va qat’iy topshiriqlar bergandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori Ravshan Mamajonovich Mamatov Prezident farmoni bilan lavozimidan ozod etilgandi.
Live
Barchasi