Farg‘onada mashinasidan “gashish” uloqtirib qochgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
14 mart 2932 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida turli giyohvandlik moddalarini olib yurgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam o‘zining jinoiy sherigi tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 21 gr “gashish” moddasini olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 2 gr “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, uning jinoiy sherigi hisoblangan — Farg‘ona shahrida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olingan.
Navbatdagi holatda esa oldindan kuzatuvga olingan Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zining Nexia rusumli avtomashinasida Marg‘ilon shahri hududida harakatlanib ketayotib, avtoulovdan 996 gr “gashish” moddasini uloqtirib, voqea joyidan qochishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati va poytaxtda 6 kilogrammdan ortiq “gashish” giyohvandlik vositasi ushlab qolingan edi.