“Paxtakor” “svet” o‘chgan MO derbisida “Qayrat”ni yengdi (video)

Sport

image

Toshkentning “Paxtakor” klubi Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. “Sherlar” bugun, 19 iyul kuni yig‘in doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida mahalliy “Qayrat” klubini qiyinchilik bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

O‘yin Olmaotadagi “Markaziy” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da start oldi. Birinchi bo‘lim har ikki jamoaning hujumlari bilan o‘tdi. “Paxtakor” tarkibida Doston Hamdamov ikki marta qulay vaziyatga ega bo‘ldi. “Qayrat” futbolchilari ham bir bor Sanjar Quvvatov darvozasi oldida xavfli hujumni yuzaga keltirdi. So‘nggi pallada Sardor Sobirxo‘jayev to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Dastlabki 45 daqiqalikda boshqa yaqqol golga tortuvchi vaziyat yuzaga kelmadi va shu tariqa jamoalar tanaffusga chiqib ketishdi.

Ikkinchi bo‘lim “sherlar”ning tezkor hujumlari bilan boshlandi. Bu orada “Qayrat” bosh murabbiyi taym boshidan 7 ta o‘zgarishni amalga oshirdi. 65-daqiqada stadion projektorlarida muammo yuzaga kelib, chiroq o‘chib qoldi. Bir necha daqiqadan so‘ng nosozlik bartaraf etildi. Bo‘lim oxirlarida qozoq klubining to‘purari Joao Paulo bir necha bor xavfli hujumlar tashkil etdi. 88-daqiqada “Paxtakor” himoyachisi Farrux Sayfiyevning bosh bilan yo‘llagan zarbasini “Qayrat” posboni qiyinchilik bilan qaytardi. Hakam tomonidan o‘yinning asosiy vaqtiga 7 daqiqa qo‘shib berildi. 90+2-daqiqada “Paxtakor”ning polshalik hujumchisi Pavel Banashak qarshi hujumdan so‘ng tashkil etilgan chiroyli kombinatsiyani gol bilan yakunlab, jamoasining g‘alabasini ta’minladi. Shu tariqa Toshkent klubi derbi maqomida o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida zafar quchdi.

Ma’lumot uchun ikki jamoa shu paytgacha o‘zaro 61 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, 21 ta uchrashuvda “Paxtakor”, 26 ta bahsda esa “Qayrat” g‘olib bo‘lgan, 14 ta uchrashuv durang bilan tugagan. “Sherlar” raqib darvozasiga 71 ta to‘p kiritgan holda 81 ta o‘tkazib yuborgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Paxtakor Qayrat derbi o'rtoqlik uchrashuvi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing