“Paxtakor” Superkubokdagi hakamlik ustidan shikoyat kiritdi
Sport
−
16 mart 1578 1 daqiqa
Bugun, 15 mart kuni O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Farg‘onaning “Neftchi” jamoasiga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan so‘ng “Paxtakor” klubi hakamlik qarorlaridan norozi ekanini bildirib, rasmiy shikoyat kiritdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zPFL reglamentiga binoan jamoamiz O‘zbekiston Superkubogidagi hakamlik ustidan shikoyat kiritish huquqidan foydalanganini ma’lum qiladi.
Klub matbuotining ma’lum qilishicha, Bahsning 51-daqiqasida Ibrohim Ibragimov bergan zarbadan keyin raqib himoyachisi to‘pni qo‘li bilan qaytargan. Bu holatda uning qo‘li notabiiy holatda, tana hajmini kengaytirish uchun turgan. Biroq, na bosh hakam, na VAR hakamlari bu vaziyatda to‘p qo‘l bilan o‘ynalganini ko‘rmagan.
Klubning ta’kidlashicha, ushbu holat takroriy lavhalarda qo‘lning tanadan maksimal notabiiy ravishda cho‘zilgani ko‘ringan.
“Biz nafaqat jamoamiz, balki Superliga, Proliga va Birinchi liga uchrashuvlarining barchasida adolatli hakamlik bo‘lishini xohlaymiz. Chunki o‘zbek futbolini yanada rivojlantirish uchun hamisha halol va adolatli o‘yinlar zarur deb hisoblaymiz”, deydi klub matbuoti.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilgi O‘zbekiston kubogi finalidagi “Paxtakor” va “Buxoro” jamoalari o‘rtasida uchrashuv ham hakamlik borasida bir qator noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Live
Barchasi