“Paxtakor” OFK Chempionlar ligasini durang bilan boshladi
Sport
−
09:27 759 1 daqiqa
Kecha, 14 sentyabr kuni Elit Osiyo Chempionlar ligasining 1-turidan o‘rin olgan uchrashuvda Toshkentning “Paxtakor” klubi safarda Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Jidda shahrida o‘tkazilgan bahs 1:1 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvning katta qismida hisob ochilmadi. O‘yin yakuniga yaqin esa gollar urildi. 86-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Flamarion aniq zarbasi bilan “Paxtakor”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Biroq toshkentliklar ustunlikni saqlab qola olmadi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 90+3-daqiqada Firas Al-Buraykan javob golini kiritib, mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqardi. Shu tariqa, “Paxtakor” Elit Osiyo Chempionlar ligasidagi dastlabki uchrashuvidan bir ochko bilan qaytdi.
Endi “Paxtakor” musobaqaning 2-turida Saudiya Arabistonining yana bir klubi – “Al-Qodisiya”ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv joriy yilning 12 oktyabr kuni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onaning “Neftchi” klubi Elit Osiyo Chempionlar ligasi 2026-2027 yilgi mavsumi dastlabki turida Iroqning “Eyr Fors” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.