Paxtachida maktab o‘quvchilari avtobusga mindirilmadi (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida haydovchi maktabga ketayotgan o‘quvchilarni pul to‘lamagani uchun avtobusga chiqarmagani aks etgan videoxabar tarqaldi. Unda ota-onalar bolalari avtobusga chiqarilmaganidan shikoyat qilgani, manzilga yo‘lkira haqi 5 ming so‘m ekani, lekin bir oilada ko‘proq farzandlari maktabga boradiganlar uchun bu og‘irlik qilishi ta’kidlanadi. Shuningdek, o‘sha kuni o‘quvchilar maktabga bormay, ortga qaytib ketishgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat joriy yilning 3 sentyabr kuni Paxtachi tumanidagi Fay mahallasi, Nazarobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nurobod tumani, Sahoba mahallasidan Ziyovuddin shaharchasiga qatnovchi xususiy avtobus egasi maktabga ketayotgan o‘quvchilarni avtobusga mindirmagan.

Ushbu holat Samarqand viloyati hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur mahalladan 19 nafar o‘quvchi Paxtachi tumanidagi 28-umumta’lim maktabiga, 3 nafar o‘quvchi esa tumandagi 34-umumta’lim maktabiga qatnaydi.

O‘quvchilarni mindirmagan  “Oqtosh-Shaxzod trans” MCHJga qarashli davlat raqami 30 E 881HB “Sahoba-Oqtosh” yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus haydovchisi Musurmon Bobojonov MCHJning joriy yil 4 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilgan.

Bildirilishicha, “Oqtosh-Shaxzod trans” MCHJ va Paxtachi tumani hokimligi o‘rtasida maktab o‘quvchilarini maktabga tashish xizmatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolanib, kunning ikkinchi yarmidan boshlab o‘quvchilar uchun bepul avtobus harakati yo‘lga qo‘yilgan.

“Afsuski, bunday kamchiliklar uchrab turibdi. Viloyat rahbari ushbu muammoli holatni yoritgan va uning yechimiga hissa qo‘shgan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorlik bildiradi. Bundan keyin ham har bir murojaatni tezkorlik bilan hal etishga alohida e’tibor qaratiladi”, deyiladi viloyat hokimligi munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand Paxtachi o'quvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing