Paxta xomashyosini o‘z mablag‘lari hisobidan yetishtirganlarga subsidiya ajratiladi
Jamiyat
−
21 yanvar
2832Endi O‘zbekistonda paxta xomashyosini o‘z mablag‘lari hisobidan yetishtirganlarga belgilangan miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu haqda 17 yanvar kuni qabul qilingan "Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmonga muvofiq, 2025 yil paxta hosilidan:
- fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1 noyabridan keyingi yilning 1 iyunigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birjada erkin shakllanadigan, biroq e’lon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narxda tuziladi;
- forvard shartnomalari kalendar yilning 1 noyabridan keyingi yilning 1 martigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxlarda tuziladi;
- spot shartnomalari real vaqt rejimida omborda saqlanayotgan paxta xomashyosi hajmiga xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxda tuziladi;
- saqlash omborlari yoki ijara shartnomalari mavjud bo‘lmagan xo‘jaliklar o‘zi yetishtiradigan paxta xomashyosi bo‘yicha har hosil yilining 1 martigacha forvard yoki 1 iyunigacha fyuchers shartnomalari rasmiylashtiradi;
Shuningdek, 2025 yil hosilidan paxta xomashyosini o‘z mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, Birjada sotgan xo‘jaliklarga shakllangan hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, paxta xomashyosini yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31 dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foizlik punktini subsidiya sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil paxta hosilidan:
- O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi kalendar yilining 1 noyabr kunida (2025 yil hosili uchun 1 fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosining boshlang‘ich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, Birjaning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi;
- mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida paxta xomashyosi yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari Birjaning paxta xomashyosi seksiyasida har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolarda tuziladi;
- xo‘jaliklar hamda qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida o‘tkaziladigan birja savdolari orqali xo‘jaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil ravishda tanlash orqali rasmiylashtiriladi;
- Birjada barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladi.
LiveBarchasi