Ozodbek Nazarbekov boshchiligida bir guruh san’atkorlarga professor unvoni berildi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Gavhar Zokirova, Alisher Ikromov, Abduhoshim Ismoilovga Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori ilmiy unvoni berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori 7-bandiga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilarning ijodiy faoliyati natijalari quyidagilarga tenglashtirilgan.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi” faxriy unvonlari ― professor ilmiy unvoniga, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari ― dotsent ilmiy unvoniga tenglashtirilgan.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning 26 iyul kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida milliy san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan bir guruh ijodkor ziyoli o‘qituvchilar ilmiy unvonlar bilan taqdirlangan.

Tantanali tadbirda san’at yo‘nalishidagi ustoz san’atkorlarning 24 nafariga professorlik ilmiy unvoni guvohnomalari, 27 nafariga dotsentlik ilmiy guvohnomalari tantanali topshirildi. Professorlik ilmiy unvoniga loyiq topilganlar safida O‘zbekiston xalq artistlari Gahvar Matyoqubova, Farrux Zokirov, Hoshimjon Ismoilov, Mavluda Xalilova, Zamira Suyunova, Gavhar Zokirova, Avazxon Rajabov, Mirxalil Mahmudov, Usmonqul Azimov, Bahrom Qurbonov, Ahmed Shukurov, Qo‘rqmas Sagatov, Alisher Ikromov, Soyibjon Niyozov, Botir Rasulov, Normo‘min Sultonov, Omonilla Rizayev, Eldor Azizov, Erkinboy Ro‘zmatov, Abatday Kalliyev, Orolmirzo Safarov, Furqat Abduvaliyev bor.

Ma’lumot uchun, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining faxriy professori hisoblanadi. 

Shuningdek, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist faxriy unvonlariga ega. “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Nazarbekov Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori sifatida ham faoliyat yuritadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing