O‘zbekiston Bosh sanitariya vrachi koronavirus bo‘yicha xalqqa murojaat qildi (video)
Intervyu
−
23 yanvar 2020
15841Xitoyda tarqalgan koronavirus ayni vaqtda butun dunyoga xavf solmoqda. Jumladan, O‘zbekistonga ham. Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan barcha zarur choralar ko‘rilgan, mamlakat chegaralarida har doimgidanda kuchli nazorat olib borilayotgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 23 yanvar tonggi holatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 571 holatda koronavirus kasalligi aniqlangan. Ushbu xastalikdan 17 nafar inson vafot etgan. Shuningdek, kasallik Tailand, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda aniqlangan. Uxan shahrida o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, ayrim kasallangan bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari savdo bozorlarida ishlaganligi ma’lum bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidiologik osoyishtalik agentligi direktori, O‘zbekiston Respublikasi bosh sanitariya vrachi Bahrom Alimatov QALAMPIR.UZ saytiga bergan intervyusida o‘zbekistonliklarga murojaat qildi va hammasi joyida ekani haqida gapirdi. Shuningdek, mutaxassis Xitoydagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatga ham oydinlik kiritdi.
“Tashqi ishlar vazirligi bilan Xitoydagi elchixonalarimiz orqali Uxan va boshqa kasallik qayd etilgan provinsiyalardagi fuqarolarimizning sog‘lig‘i ustidan nazorat o‘rnatganmiz. Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari orasida ushbu kasallik kelib chiqqan hududlarda kasallikka chalinganlari yo‘q. Ularga sog‘lig‘i masalasida qanaqa yordam kerak bo‘lsa, berib kelmoqdamiz. Ularning Vatanga qaytishi nazoratga olingan”, deydi mutaxassis.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh sanitariya vrachi koronavirus bo‘yicha fuqarolar orasida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini aytishdi.
“Xalqimizga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, bugungi kunda ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Tashqaridan koronavirus va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishini oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar doimiy ravishda o‘tkazilib borilmoqda. O‘rtada bar’er tizim mavjud. Agar kasallikka gumon qilingan shaxslar aniqlanadigan bo‘lsa, ularni tashxisni qo‘yib davolash va sog‘lom qatlamdan muhofaza qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan”, deydi Bahrom Alimatov.
Sog‘liqni saqlash xodimining so‘zlariga ko‘ra, holatni nazorat qilish bo‘yicha Bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Chegara qo‘shinlari, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlar hamkorligida ishlar olib borilmoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr