Saudiya Arabistoni Umra ziyoratini to‘xtatib qo‘ydi
Olam
−
27 fevral 2020
14338Saudiya Arabistoni o‘z hududida yangi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qator cheklovlar joriy qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Xususan, hukumat musulmonlar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish va Madinada Nabaviy Masjidini ziyorat qilishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi kurash doirasida boshqa mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ko‘rayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
#Statement | Proactive Preventive Measures to Prevent the Arrival of the New Coronavirus (#COVID19) to the Kingdom pic.twitter.com/fuBAWq19Du
— Foreign Ministry 🇸🇦 (@KSAmofaEN) February 26, 2020
Saudiya Arabistoniga virus aniqlangan mamlakatlardan sayyohlarning kelishi ham taqiqlandi hamda viza berish tartibida ham cheklovlar bo‘ladi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 41 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil, Iroq, Bahrayn, Afg‘oniston, Quvayt, Ummon, Braziliya, Xorvatiya, Shveysariya, Avstriya va Jazoirda aniqlandi.
Koronavirus qurbonlari soni 2771 nafarga, kasallanganlar 80 997 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi