Xitoydan kelgan qo‘qonlik yigit nega karantinga olinmagandi?

Salomatlik

image

Avvalroq, Qo‘qonda Xitoydan qaytgan talaba yigit vafot etgani haqida xabar bergan edik. Uning vafotiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani rasman tasdiqlanganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda turli mish-mishlar tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unda shunday deyiladi: 

Joriy yil 5 fevral kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Hayotobod qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o‘g‘li o‘zi istiqomat qiladigan uy hammomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so‘ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma’lum bo‘lgan.

Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, yaqinlari Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo‘limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko‘rilganda, biologik o‘lim allaqachon sodir bo‘lganligi tasdiqlangan. Bu haqda darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun Qo‘qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan.Dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilganida marhumda is gazidan zaharlanishga xos bo‘lgan maxsus spetsifik belgilar aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadbobur Abduqodirov til o‘rganish maqsadida Xitoy davlatiga borgan bo‘lib, joriy yil 31 yanvar kuni Janubiy Koreya davlati orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

U yurtimizga qaytib kelgan kuniyoq O‘zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo‘lib,unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni Muhammadbobur Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma’lumotlar hamda yaqinlari bilan o‘tkazilgan suhbat ham tasdiqladi.

Dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, Muhammadbobur Abduqodirovning o‘limi is gazidan zaharlanish oqibati bo‘lib, ayni paytda Xitoyda tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog‘liqlik alomatlari aniqlanmadi”.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoydan qaytgan o‘zbekistonliklar 14 kunlik karantinga olinayotgani, karantin hududiga, hatto, ularning qarindoshlari ham qo‘yilmayotganini jar solayotgan edi. Xitoydan Koreya orqali O‘zbekistonga kelgan Abduqodirov nima uchun nazoratdan chetda qolgani va karantinga olinmagani haqidagi savollar ochiq qolmoqda. Holbuki, Xitoydan uchta charter reys orqali Toshkentga olib kelingan fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, 14 kun davomi (kasallikning yashirin davri)da tibbiy kuzatuvga olish maqsadida maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Qolaversa, virus yangi va uning alomatlari dunyoning manaman degan shifokorlariga notanish bo‘lib turgan vaqtda Xitoydan qaytgan fuqaroni qishloq vrachlik punkti xodimi qo‘liga topshirish qanchalik to‘g‘ri? 


Maqola muallifi

Teglar

karantin koronavirus

Baholaganlar

494

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing