G‘arb norozi. Erdo‘g‘an “siyosiy dividendlar” uchun Ayya Sofiyani masjidga aylantirdimi?
Tahlil
−
11 iyul 2020
13431Ayya Sofiyani masjidga aylantirilishi to‘g‘risidagi xabarni eshitib, obida oldiga kelgan izdihom 86 yil o‘tib muazzinning sadosi ostida tarixiy voqeani foto, videoga tasmalab va Turkiya bayroqlarini hilpiratib, yelkaga to‘shab, azon oxirida shodonliklaridan takbir aytib hayqirdilar.
Erdo‘g‘anning g‘olibona qarori
Bu haqida 10 iyulda Tvitterda 16,3 mln., Feysbukda 9,4 mln, Instagrammda esa 8,1 million muxlis o‘quvchilariga ega Prezident Rajab Tayib Erdo‘g‘an ta’kid o‘laroq odatdagidan ko‘ra katta harflarda imzo chekkan qarorini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtira turib, qisqacha “Xayrli bo‘lsin”, deb izoh qoldirgan. Bir oz o‘tib Erdo‘g‘an o‘zining televizion murojaatida Ayya Sofiya darvozalari turklar va xorijliklar, musulmon va nomusulmonlar barcha uchun ochiq, kirish bepul bo‘lishini hamda 24 iyul juma namozidan boshlab to‘liq ibodat qilish uchun tegishli tayyorgarliklar yakunlamaguniga qadar u yerga to‘planishga shoshmaslikni so‘ragan. Lekin, bunga qaramasdan stixiyali ravishda paydo bo‘lgan kishilar shom va hufton namozlarini Ayya Sofiya tashqarisida o‘qiganlar.
Ayya Sofiya atrofidagi gap-so‘zlar
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Ferit Orxan Pamuk Ayya Sofiyaning “qayta masjidga aylantirilishi butun dunyoga, afsuski, endi biz dunyoviy emasmiz”, degan mujdani anglatishini bildirgan. Shuningdek, AQSH, Rossiya davlat va jamoat arboblari ham qaror bo‘yicha o‘z taassuflarini bildirganlar.
Hozircha eng keskin bayonotni Vizantiya imperiyasining vorisi hisoblanuvchi Gretsiya hukumat a’zolari tomonidan berildi. Xususan, Gretsiya Madaniyat vaziri Lina Mendoni “Prezident Erdo‘g‘anning siyosiy irodasi natijasida qabul qilingan qaror yodgorlikning betakror qadr-qimmati va ekumenik xususiyatini tan oluvchi sivilizatsiyalashgan dunyo uchun ochiq ig‘vo”, deb baholadi. Ma’lumki, ikkalovi ham NATO a’zolari bo‘lmish Gretsiya va Turkiya o‘rtasida hududiy ziddiyatlar ham bor.
BMTning ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan muassasasi YUNESKO bosh direktori Odri Azulay xonim Turkiyaning YUNESKO huzuridagi doimiy vakilini chaqirib Ayya Sofiya maqomini o‘zgartirish bo‘yicha Turkiya hukumatining muhokamalarsiz qilgan qarori munosabati bilan chuqur taassufda ekani va jiddiy xavotirini bildirgan. 10 iyuldayoq chop etilgan press-relizda Ayya Sofiya Istanbul shahri hududi tarixiy maydonlarining bir qismi, YUNESKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan mulk hisoblanishi, mazkur ob’ekt maqomining na maslahat, na muloqot va na oldindan ogohlantirishsiz o‘zgartirilishi uning umumjahon, umumbashariyat qadr-qimmatiga ta’sir etib qolishi, bu kabi masalalar YUNESKOning vakolatli Jahon merosi qo‘mitasi tomonidan barcha manfaatdor jamoa va hissadorlar ishtirokida inspeksiya qilinishi lozimligi bayon etilgan.
Bunga javoban Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ayya Sofiya hamisha jahon merosi xazinasiga mansub bo‘lib qolishini, u yerdagi nasroniylarga xos ma’budlar saqlanib qolishi va hech qaysi tashrif buyuruvchilarga monelik bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Erdo‘g‘an siyosatining ba’zi tanqidchilari, COVID-19 pandemiyasi davrida jamoatchilikning ko‘proq maqtov va qo‘llab-quvvatlashga sazovor bo‘lishga intilish, deb baholadilar. Hozirda Turkiyada 11 iyul holatiga ko‘ra, 210 965 nafar kishi koronavirusga chalinib, ulardan 191,883 kishi sog‘ayib, 5,123 kishi vafot etgan. Mamlakatda shu yil aprel oyida avjiga chiqqan koronavirus ortga qaytishi kuzatilmoqda.
Ayya Sofiya masjidga aylanishiga sabab bo‘lgan vajlar
Turkiya bilan bog‘liq voqealarni yaqindan kuzatuvchi mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Ayya Sofiya masalasi bir necha o‘n yillardan beri hokimiyatda qolayotgan Erdo‘g‘anning kun tartibida yaqin vaqtgacha bo‘lmagan. Uzil-kesil qarori fursatini esa aynan shu paytga to‘g‘ri kelishi 2019 yil mart oyidagi mahalliy saylovlarda o‘z elektoratiga bergan va’dasi, 2016 yil iyulda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishiga bo‘lgan urinishning 4-yilligi bilan bog‘laganlar. Avvalroq Erdo‘g‘an ushbu qarorga kelishiga AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining saylovoldi va’dasiga sodiq qolib mo‘’tabar Al-Aqso masjidini ham o‘z ichiga olgan Quddusi Sharifni Isroilning poytaxti sifatida e’tirof etishi turtki bo‘lgani va bunga nisbatan Turkiya albatta javob berajagini omma oldida aytgandi.
Ayya Sofiya shuhrati
Me’morchilik durdonasi hisoblanuvchi Ayya Sofiya majmuasi go‘zalligiga maftun bo‘lish uchun 2019 yilda 3,8 million sayyoh tashrif buyurgan. U 537 yilda Vizantiya imperatori Yustinian I tomonidan pravoslav cherkovi sifatida bunyod etilgan. Tarixiy solnomalarga ko‘ra, Ayya Sofiya qurilish ishlariga Vizantiya imperiyasining 3 yillik daromadi sarflangan. U o‘sha vaqt Rimda joylashgan avliyo Petr ibodatxonasi qurilgunga qadar nasroniylarning dunyodagi eng yirik me’moriy obidasi bo‘lib kelgan. 1453 yilda Usmoniylar Konstantinopol, hozirgi Istanbulni fath etgandan so‘ng, cherkovning chekkalariga minoralar qurdirilib masjidga aylantirilgan. 1934 yil 24 noyabrda Usmoniylar saltanati parchalanib Mustafo Kamol Otaturk hukumatga kelganidan keyin tamaddunlararo murosa ramzi sifatida muzey maqomiga aylantirilib, ibodat sifatida foydalanish qat’iy man etilgan.
“Azonlar shahri”, deb ham nomlanuvchi Istanbulda 3000 dan ortiq masjid bor. Ayya Sofiya ishtiyoqmandlari unga qorong‘u tushganda tashrif buyurishni xush ko‘radilar. Chunki tunda uning gumbazlari yanada mahobatli ko‘rinib, tillo mozaykalar jilosi kovaklar ortidan o‘tib yanada tovlanadi.
Zabixulla Saipov
LiveBarchasi