Toshkentda o‘tkazilgan plastik jarrohlik operatsiyasida ikki ayol vafot etdi

Jamiyat

image

Toshkentda rinoplastika bo‘yicha o‘tkazilgan ikki jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz kechdi. Oqibatda ikki ayol – 43 yashar L.A. va 20 yashar Sh.G. operatsiyadan keyin olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda. 

1976 yilda tug‘ilgan bemor L.A. Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan “Mont Blanc” xususiy klinikasiga burun to‘sig‘idagi shikoyati bilan murojaat qilgan. Uning roziligi bilan klinikada tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilash bo‘yicha shifokorlar tomonidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘rilangan. 

Jarroxlik amaliyotidan so‘ng, bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va bemorga antibakterial davo maqsadida tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. 

Shundan so‘ng, bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RSHTYOIMga olib borilgan. 

Markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bemor shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, L.A. o‘limi “bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi natijasida yuzaga kelgan chap bosh miya yarimsharlari asosini gemorrogik insult” dan yuz berganligi qayd qilingan.

Shuningdek, 1999 yilda tug‘ilgan bemor Sh.G.ga ham aynan “Mont Blanc” xususiy shifoxonasida jarrohlik stoliga yotgan. Operatsiyani o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta’sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan va u zudlik bilan Olmazor tumanida joylashgan “Akfa medline” xususiy shifoxonasiga olib kelingan. Unga kerakli tibbiy muolajalar amalga oshirilganiga qaramasdan, bemor Sh.G. ushbu shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Hozirda ikkala holat yuzasidan Shayxontohur tumani prokuraturasi tomonidan tergov oldi tekshirish harakatlari olib borilmoqda. 

“Mont Blanc” xususiy klinikasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga xizmat tekshiruv tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura rinoplastika

Baholaganlar

243

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing