Ozarbayjonning boyishiga hissa qo‘shgan olim vafot etdi

Olam

image

Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) birinchi vitse-prezidenti Xushbaxt Yusufzoda 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Trend” agentligi xabar berdi. 

“Xushbaxt Yusufzoda 94 yoshida Bakuda vafot etdi”, deb yozdi nashr Yusifzodaga yaqin manbalarga tayanib. 

Xushbaxt Yusufzoda 2004 yildan beri SOCAR’ning birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan edi. Atoqli geolog, Ozarbayjonning neft va gaz sanoatida 70 yildan ortiq ishlagan. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida Ozarbayjonda 20 dan ortiq neft va gaz-kondensat konlari, jumladan, Ozarbayjon, Chirag‘, Guneshli, Shohdeniz, Kapaz, Bahor, Umid, Absheron kabi mashhur konlar o‘zlashtirildi. U "SSSR faxriy neftchisi" unvoni bilan taqdirlangan. 

Yusifzoda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya xalqaro muhandislik akademiyasining a’zosi edi. U 200 dan ortiq ilmiy ishlar, shu jumladan 18 monografiya va sakkiz ixtiro muallifi edi. Uning nomi Ozarbayjon Kaspiy dengiz kemasi tankeri va Bakudagi o‘rta maktabga berilgan.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon katta neft zaxiralariga ega. Mamlakat hududidagi neft konlaridan foydalanish XIX asr o‘rtalarida boshlangan. 2015 yil boshida ma’lum bo‘lgan neft konlarining umumiy hajmi 7 milliard barrelni tashkil etdi. Kunlik neft qazib olish 1998 yilda o‘rtacha 194 ming barrelni, 2004 yilda–  318 ming barrelni, 2015 yilda – taxminan 860 ming barrelni tashkil etdi.

1994 yilda “Asr shartnomasi” imzolanganda tasdiqlangan zaxiralar 511 million tonnani tashkil etgan. 1996 yilda neft zaxiralari rasmiy manbalarga ko‘ra 1,2 milliard barrelga baholangan. 2006 yil oxirida bu ko‘rsatkichlar 7 milliard barrelgacha ko‘tarildi va 2016 yil oxirida zaxiralar doimiy ravishda 7 milliard barrelga baholandi. 2016 yil holatiga ko‘ra, Ozarbayjonning umumiy neft zaxiralari jami jahon zahiralarining 0,4 foizini tashkil etadi. 

2014 yilda Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon-Chirag‘-Guneshli blokidagi neft zaxiralari 2 milliard tonnani tashkil etdi, shundan 1,2 milliard tonnasi olinadi. 2018 yilda SOCAR ularni 1,5 milliard tonnaga baholadi, bu esa prognoz qilingan zaxiralar taxminan 2 milliard tonnani tashkil etishidan dalolat beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon SOCAR Xushbaxt Yusufzoda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing