Ozarbayjonning Armaniston bilan to‘qnashuvlardagi yo‘qotishlari soni ortdi

Olam

image

Ozarbayjon Armaniston bilan chegarasida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar natijasida 71 nafar askarini yo‘qotdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Agentlik o‘z saytida 13-14 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxatini e’lon qildi. Bundan oldin 50 harbiy halok bo‘lgani aytilgandi.

“Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi keskinlashuv natijasida halok bo‘lganlarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Armaniston o‘z tomonidan 105 kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz,  Armaniston Ozarbayjon qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish uchun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan harbiy yordam kutayotganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.

Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi. Biroq sulh bir sutkaga bormay buzildi. 14 sentyabr kuni Baku va Yerevan yana o‘t ochishni to‘xtatishga erishdi.

Armanistonning talabi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilot bosh kotibi rahbarligidagi missiya voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishiga kelishildi.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

16

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing