Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz – Erdo‘g‘an
Olam
−
19 fevral
3643Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyev o‘rtasidagi muzokaralar yakunlangach, ikki davlat rahbari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Anadolu" axborot agentligi xabar berdi.
"Hurmatli birodarim Ilhom Aliyevni xalqining yuksak iltifoti sabab 5-marta Ozarbayjon Prezidenti etib saylangani bilan yana bir bor tabriklayman. Uning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng ilk rasmiy xorijiy tashrifini Turkiyaga qilganidan juda xursandman. Ma’lumki, 7 fevralda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi Ozarbayjonning butun suveren hududida ilk bor o‘tkazilgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Umid qilamanki, saylov natijalari Turkiya-Ozarbayjon munosabatlari va qardosh Ozar xalqi uchun foydali bo‘ladi", degan Erdo‘g‘an so‘z olib.
Shuningdek, Turkiya rahbari bundan keyin ham Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
"Afsuski, Ozarbayjon saylov jarayonida ba’zi adolatsizlikka duch keldi. Yevrokengash parlament assambleyasi tomonidan Ozarbayjon delegatsiyasining joriy yilda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilinishiga keskin munosabatimizni bildirdik. Biz bundan buyon ham ushbu parlament nizo qo‘zg‘atadigan joy emas, balki demokratiyani mustahkamlaydigan muloqot maydoni bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz. Qabul qilingan qaror bekor qilinmagunicha, Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz", degan Erdo‘g‘an.
Qayd etilishicha, matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy faollikning o‘sishiga e’tibor qaratgan.
“O‘tgan yili Turkiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo aylanmasi ilk bor 7,5 milliard dollarga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichni 15 milliard dollarga oshirishga qaror qildik”, degan u.
Agentlikning ma’lum qilishicha, ayni paytda ikki davlat o‘rtasida 3 ta kelishuv imzolangan. Jumladan:
- Turkiya Respublikasi Oliy ta’lim kengashi va Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi o‘rtasida Turkiya-Ozarbayjon universitetini tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi;
- Turkiya va Ozarbayjon respublikalari hukumatlari o‘rtasida veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- ikki davlat hukumatlari o‘rtasida daromad solig‘iga nisbatan ikki tomonlama soliqqa tortish imtiyozlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Turkiya Prezidenti matbuot anjumanida Ozarbayjon va Armaniston mojarosiga ham to‘xtalib, "uchinchi tomonlarni jarayonni zaharlash o‘rniga konstruktiv hissa qo‘shish"ga chaqirgan.
"Uchrashuvlarimiz davomida Janubiy Kavkazda tinchlik va barqarorlik uchun tashlangan qadamlarni ham muhokama qildik. Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida doimiy tinchlik bitimining imzolanishi mintaqamizda va butun dunyoda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik uchun yangi umid uyg‘otishi shubhasiz. Bu jarayonda biz Ozarbayjon bilan yelkama-yelka harakat qilamiz. Qorabog‘dagi ishg‘ol tugashi bilan mintaqamizda doimiy tinchlik o‘rnatish uchun tarixiy imkoniyatlar oynasi ochildi. Bundan esa unumli foydalanish juda muhim. Ayniqsa, biz uchinchi tomonlarni jarayonni zaharlashdan ko‘ra, konstruktiv hissa qo‘shishga taklif qilamiz. Fursatdan foydalanib, shuni ham ta’kidlab o‘tmoqchimanki, so‘nggi bir necha kun ichida ikki davlat chegarasida sodir bo‘layotgan harakatlar boshqa takrorlanmaydi, degan umiddaman", deydi Erdo‘g‘an.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yevropa kengashi parlament assambleyasi (YeKPA) deputatlari Ozarbayjon delegatsiyasi vakolatlarini ratifikatsiya qilishdan bosh tortgandi. Bunday qarorga davom etayotgan inson huquqlari buzilishi, muxolif siyosatchilar va mustaqil ommaviy axborot vositalari ta’qib etilishi, Tog‘li Qorabog‘da rasmiylar harakatlari va Bokuning Yevropa kengashi kuzatuvchilarini prezidentlik saylovlariga taklif qilishdan bosh tortgani sabab bo‘lgani aytilgan.