Ozarbayjonliklarning Rossiyada halok bo‘lishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi
Olam
−
01 iyul 9501 3 daqiqa
Rossiyada Ozarbayjon fuqarolarining vafot etishi va qiynoqqa solinishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib, “Qafqazinfo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan ikki nafar shaxsga nisbatan ayanchli tarzda qiynoq o‘tkazilib, o‘ldirilganiga oid dalillar asosida Bosh prokuror tomonidan jinoyat ishi ochilgan.
Dastlabki tergovga ko‘ra, joriy yilning 27 iyun kuni ertalab Rossiya Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmatining Sverdlovsk viloyati xodimlari tomonidan Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida ilgari sodir etilgan jinoyatlarda gumon qilinib, bir nechta manzillarda yashovchi Ozarbayjon fuqarolari qo‘lga olingan.
Ushbu shaxslar hibsga olinishi hamda operatsion binolarda bo‘lishi davomida tanasining turli qismlariga og‘ir jismoniy zarbalar berilib, qiynoqqa solingan va og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan.
Oqibatda kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, 1966 yilda tug‘ilgan 60 yoshli Husayn Safarov ichki ishlar idorasida, uning ukasi –1970 yilda tug‘ilgan, haydovchilik bilan shug‘ullangan, ikki farzandning otasi 55 yoshli Ziyoddin Safarov esa xizmat avtomobilida olgan tan jarohatlari sababli vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Husayn Safarov ko‘krak qafasidagi sinishlar va boshqa ko‘plab tan jarohatlari tufayli posttravmatik va qon ketishi bilan bog‘liq shokdan vafot etgan. Uning ukasi Ziyoddin Safarov ham ko‘plab tan jarohatlari tufayli shunga o‘xshash shokdan vafot etgan.
Shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan boshqa shaxslarga ham qiynoq o‘tkazilgan va ular ham turli darajadagi tan jarohatlari bilan hozirda Rossiya hududidagi tibbiyot muassasalarida davolanmoqda.
Yig‘ilgan dalillar asosida Bosh prokuror tomonidan quyidagi moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:
- 12.2-modda – chet elda Ozarbayjon fuqarosiga qarshi jinoyat sodir etilganda, Ozarbayjon qonunchiligiga binoan javobgarlik;
- 120.2.1 – bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish;
- 120.2.4 – shafqatsizlik yoki xavfli usul bilan odam o‘ldirish;
- 120.2.7 – ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish;
- 120.2.9 – oldindan til biriktirgan holda odam o‘ldirish;
- 309.2 – vakolatni suiiste’mol qilish tufayli og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lish;
- 293.3 – qiynoq yoki boshqa shafqatsiz, inson qadrini kamsituvchi muomala yoki jazo, ehtiyotsizlik bilan o‘limga sabab bo‘lsa.
Qayd etilishicha, tergovni Ozarbayjon Bosh prokuraturasi huzuridagi Tergov boshqarmasi olib boradi. Tergov guruhiga topshiriqlar berilgan va faol tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Bosh prokuratura xalqaro huquq normalariga muvofiq boshqa davlatlarga huquqiy yordam so‘rovlarini yuborib, tergovning samarali olib borilishi va jinoyatchilarni aniqlab, javobgarlikka tortish uchun hamkorlikni ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi. Shundan so‘ng, Rossiyaning Baku shahridagi vaqtincha ish yurituvchisi Pyotr Volokov Ozarbayjon TIVga chaqirilgan. Rossiya TIV rasmiylari esa bu qo‘lga olishlar ilgari sodir etilgan og‘ir jinoyatlar yuzasidan tergov doirasida olib borilganini tushuntirgan. Ammo keyinchalik vaziyat yanada keskin tus oldi. 30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi Baku shahridagi “Sputnik Ozarbayjon” nashriyoti ofisida tekshiruv o‘tkazgan hamda nashrda ishlagan ikki xodim Rossiya agentlari bo‘lib chiqqanini xabar qilgan. Bu orada Rossiya ham harakatga keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni rasmiy ravishda chaqirtirgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan.