Ozarbayjonga Qorabog‘ni minalardan tozalashga 30 yil kerak – Aliyev

Olam

image

Ozarbayjonga Qorabog‘dagi mina muammosini hal qilish uchun qariyb 30 yil va 25 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda Prezident Ilhom Aliyev bugun, 13 oktyabr kuni Ostonada o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida aytib o‘tdi.

“Ozarbayjon dunyodagi minalar bilan eng ko‘p ifloslangan davlatlar qatoriga kiradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bosqinchilik davrida Armaniston Ozarbayjon hududiga bir milliondan ortiq mina qo‘ygan. Xalqaro ekspertlarning fikricha, Ozarbayjonga mina muammosini hal qilish uchun qariyb 30 yil va 25 milliard dollar kerak bo‘ladi”, dedi Aliyev.

Davlat rahbari Qorabog‘da urush tugaganidan keyin o‘tgan ikki yilda mina portlashlari natijasida 250 dan ortiq Ozarbayjon fuqarosi halok bo‘lgan yoki og‘ir jarohatlanganini aytdi.

Ozarbayjon rahbari Qorabog‘ mojarosi hal etilganiga qaramay, “Armaniston chegarada harbiy provokatsiyalarini davom ettirayotganini” ta’kidladi.

“Oxirgisi shu yilning sentyabr oyida uyushtirildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlari armanlarning harbiy provokatsiyasini to‘xtatish uchun qat’iy qarshi choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Bu barcha provokatsiyalar uchun javobgarlik Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatiga yuklatiladi”, dedi Aliyev.

Prezident Aliyev shunga qaramay, “Ozarbayjon Armanistonga bir-birining hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olish asosida tinchlik shartnomasini imzolashni taklif qilgan”ini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev

Baholaganlar

60

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing