Ozarbayjondagi uch asrlik saroy 18 yil deganda YUNESKO ro‘yxatiga kiritildi

Olam

image

Joriy yilning 7 iyul kuni Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKOning 43-sessiyasida mamlakatning Sheki rayonida joylashgan Xon saroyi madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritildi. 

Xon saroyi Ozarbayjonda eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuruvchi tarixiy ob’ektlardan biri sanaladi. U XVIII asrga oid bo‘lib, 1790-1797 yillarda bunyod etilgan. Ikki qavatdan iborat saroyning umumiy balandligi 10 metr, eni 3 metrni, bino maydoni esa 300 m kvni tashkil etadi. Unda 6 ta xona, 4 ta yo‘lak, 2 ta oynavand ayvon mavjud. Inshootning tashqi va ichki devorlari ozar xalqi tarixidan hikoya qiladi. Unda ov va urush sahnalari aks etgan suratlarni ko‘rish mumkin. Devorlarda mingga yaqin qiyofalar aks etgan, biroq ular bir-birini takrorlamaydi. 

Ba’zi manbalarda ushbu binodan devonxona, sud, qolaversa, xonning yozgi saroyi sifatida foydalanilgani haqida ma’lumotlar uchraydi.

Yuqori qavat xonning yotoqxonasi, joriyalar xonasi o‘rin olgan. Birinchi qavatdagi katta zalda esa aholi bilan uchrashuvlar, majlis va mashvaratlar o‘tkazilgan. Shu bois xonning o‘tiradigan joydan bir necha qarich narida kichik favvora o‘rnatilgan. Xon vazirlari va maslahatchilari bilan muloqot qurib, suhbatlashayotgan mahal uning ovozini favvoradan otilib chiqayotgan suv sasi to‘sib qolgan. 

Sobiq ittifoq davrida ushbu saroy muzey maqomini oldi. 

Saroy nafaqat Ozarbayjon yo Kavkaz, balki Islom dunyosi tarixi uchun ham o‘ta ahamiyatli ob’ekt sanaladi. U 1848-1851, 1955-1965, 2002 yillarda restavratsiya qilingan. 

2001 yilning 24 oktyabr kuni ushbu tarixiy inshootni YUNESKOning madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha taklif yuborilgan. Oradan 18 yil o‘tib, bino ushbu ro‘yxatga kiritildi. 

Xon saroyiga kiraverishda uch asrlik daraxt bor. Saroyni tomosha qilish uchun kelgan sayyohlar mana shu daraxtning yonida suratga tushmay qaytmaydi. Aslida qal’a va saroy atrofida bunday daraxtlar ko‘p bo‘lgani aytiladi. Biroq, o‘tgan yillar davomida faqat shu daraxt saqlab qolingan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Baku Sheki Xon saroyi Sheki rayoni

Baholaganlar

7

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing