Ozarbayjonda karantin 31 kunga uzaytirildi
Olam
−
01 may 2020
4528Ozarbayjon hukumati mamlakatda maxsus karantin rejimini 31 maygacha uzaytirdi. Bu haqda bugun, 1 may kuni respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tezkor shtab ma’lum qildi.
“Mamlakatda joriy etilgan maxsus karantin rejimining muddati 31 may soat 00:00 ga qadar uzaytirildi”, deyiladi xabarda. Ta’kidlanishicha, qaror “Ozarbayjonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq sanitariya-epidemiologiya holati, boshqa mamlakatlarda ko‘rilayotgan profilaktik choralar, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari tahlil qilingandan keyin” qabul qilingan.
Shuningdek, virusning aholi o‘rtasida tarqalishi va tiklanish dinamikasini hisobga olgan holda, ilgari kiritilgan bir qator cheklovlarni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shu bilan birga, yumshatish choralari bosqichma-bosqich mamlakatning turli shahar va tumanlarida amalga oshiriladi. Xususan, 4 may kuni soat 00:00 dan boshlab Boku, Sumgait, Ganja, Lenkoran va Apsheron viloyati (Boku bilan tutashgan) davlat tuzilmalari xodimlarining ma’lum qismi o‘z faoliyatini qayta tiklaydi. Barcha xususiy savdo do‘konlar, sartaroshxonalar va go‘zallik salonlari ishlashni boshlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, koronavirus sababli 5 apreldan boshlab mamlakatda harakatga cheklov joriy etildi. Kamdan-kam holatlardan tashqari, barcha fuqarolarga yashash joyini faqat ma’lum holatlarda va ma’lum bir vaqt ichida SMS-ruxsat tizimi orqali tark etishlari mumkinligi belgilab berildi. 18 aprel kuni maxsus karantin rejimi 4 maygacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Operatsion shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjonda koronavirus infeksiyasining 1 804 holati qayd etilgan, 1325 kishi shifo topgan bo‘lsa, 24 bemor vafot etgan.