Ozarbayjonda Alisher Navoiy nomidagi madaniyat markazi ochiladi
Madaniyat-san’at
−
13 mart
3544Ozarbayjonning Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi ochiladi. Bu haqda kecha, 12 mart kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi ganjalik olimlar va ziyolilar bilan uchrashgan. Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi prezidenti, akademik Isa Habibeyli taklifiga binoan Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgan. U Ozarbayjon Tilshunoslik intituti ilmiy jamoasi tomonidan nashrga tayyorlangan Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” kitobi taqdimotida qatnashgan. Unda Ganja universiteti, Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasining Ganja bo‘limi va Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashilgan.
“Uchrashuvda Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazini ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2010 yildan buyon O‘zbekistonda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon kinoijodkorlari hamkorligida Maqsud Shayxzoda haqida film suratga olinishi xaqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi