Ozarbayjon Yevropa Ittifoqini ogohlantirdi
Olam
−
02 fevral
9751Yevropa Ittifoqining Armanistonga har qanday bahona bilan harbiy yordami Janubiy Kavkaz mintaqasida barqaror tinchlik o‘rnatilishiga zarar keltiradi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Chexiya parlamenti Deputatlar palatasi raisi Marketa Pekarova Adamova bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bayramov, Ozarbayjon Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning ishonchli hamkori ekanligini, Bakuga nisbatan ikki tomonlama standartlar va adolatsiz yondashuv qo‘llanilishi mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shmasligini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasidagi ozchilik guruhining Ozarbayjonga qarshi qaror qabul qilish va Ozarbayjon delegatsiyasi vakolatlarini ratifikatsiya qilmaslik tashabbusi muloqotga yordam bermaydi.
TIV rahbari 30 yil o‘tib, mintaqada ilk bor Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlikka erishish uchun qulay sharoitlar shakllanganini bildirgan. Bayramovning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqining Armanistonga har qanday bahona bilan harbiy yordam ko‘rsatishi, homiylik qilish istagi Janubiy Kavkaz mintaqasida barqaror tinchlik o‘rnatish jarayoniga putur yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 fevral kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashib, Fransiyani Kavkaz mintaqasidagi buzg‘unchi siyosat va geosiyosiy intrigalarda ayblagandi.
LiveBarchasi