Ozarbayjon O‘zbekistonga Baku porti infratuzilmasini ijaraga olishni taklif qildi

Jamiyat

image

Ozarbayjon O‘zbekistonga Baku xalqaro dengiz savdo porti infratuzilmasini imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatli ijaraga olish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda Shusha shahrida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 12-majlisida so‘z ochildi. 

Komissiya xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida tranzit yuk tashish hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi ijobiy hamkorlikni qayd etgan. O‘zbekiston tomoni Toshkent va Baku o‘rtasida yuk tashish, jumladan, tranzit yuk tashish hajmini oshirish maqsadida Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘lidan faol foydalanishdan manfaatdorligini bildirgan.

Tomonlar “Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” xalqaro multimodal yo‘nalishi ishida har ikki davlat ishtirokining muhimligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston tomoni transport sohasini raqamlashtirish va transformatsiya qilish, yo‘llar va aeroportlar qurish bo‘yicha Ozarbayjon tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirgan.

Yig‘ilish yakunida esa bayonnoma imzolanib, unda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vazirligiga: 

•  manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki davlat o‘rtasida transport va tranzit tashish sohasida hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bayonnomasi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish;

•  avtotransport vositalarining o‘zaro ta’sirini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish;
•  “O‘rta koridor” bo‘ylab o‘zaro hamkorlikni davom ettirish;
•  yetkazib berish zanjiri uzluksizligini ta’minlash maqsadida axborot almashinuvini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish;
•  O‘zbekistonning eksport-import yuklarini Ozarbayjon hududi orqali tashish hajmini 2023 yilda 1,5 million tonnaga yetkazish choralarini ko‘rish vazifalari topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Ozarbayjonga borib, mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev va Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing