Ozarbayjon Transkaspiy gaz quvurining tashabbuskori bo‘la olmaydi – Aliyev
Olam
−
10 yanvar 2023
6825Ozarbayjon Transkaspiy gaz quvuri loyihasini qo‘llab-quvvatlaydi, lekin uni amalga oshirish tashabbuskori bo‘la olmaydi. Bu haqda 10 yanvar kuni Prezident Ilhom Aliyev mahalliy telekanallarga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Mamlakat sifatida biz bu loyihani [Trans-Kaspiy quvuri] har doim qo‘llab-quvvatlaganmiz va men bir necha bor ochiq aytganman, ha, agar bizga murojaat qilishsa, biz o‘z imkoniyatlarimizni, mavjud infratuzilmani taqdim etishga va boshqa zarur muammolarni hal qilishga tayyormiz. Lekin biz bu loyihaning tashabbuskori bo‘la olmaymiz, chunki bu bizning gazimiz emas”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.
Aliyev bu loyihani siyosiylashtirishga qarshi ekanini ta’kidladi.
“Ko‘p yillar davomida Transkaspiy gaz quvuri mavzusi siyosiylashtirildi. Men bunga qarshiman, chunki men doimo real loyihalar ustida ishlash tarafdori bo‘lganman”, deb ta’kidladi Ozarbayjon rahbari.
Uning fikricha, Transkaspiy gaz quvuri loyihasi iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin.
“Ammo buning uchun buni tasdiqlaydigan texnik-iqtisodiy asos talab qilinadi. Gaz egasi iste’molchilar bilan shartnomalar tuzishi kerak – u qanday narxda sotiladi, chunki masofa qancha ko‘p bo‘lsa, xarajatlar ham shunchalik ortadi. Ammo baribir biz ushbu loyihani siyosiy qo‘llab-quvvatlashimizni har doim bildirganmiz va agar u bilan bog‘liq murojaat bo‘lsa, biz barcha yordamni beramiz”, deydi Aliyev.
Ashxobod va Baku uzoq vaqtdan beri Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab Turkmaniston qirg‘oqlaridan Ozarbayjonga gaz quvurini yotqizish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyada bunday loyihalar faqat quvur hududiy suvlari orqali o‘tadigan davlatlar o‘rtasida kelishilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Konvensiya imzolangandan so‘ng qator OAVlar kelishuv Turkmaniston gazini Yevropa bozoriga 30 yil davomida har yili 30 milliard kub metr hajmda yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi loyihani amalga oshirishga yashil chiroq yoqilganini xabar qildi
Hozircha Qozog‘iston va Rossiya hududidan o‘tuvchi tranzit quvurlari turkman gazini G‘arbga yetkazib berishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.
14 dekabr kuni Turkmanboshidagi Avaza milliy turistik zonasida Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston Prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston birinchi uch tomonlama sammit doirasida beshta kelishuv imzolandi.Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkmanistondan Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha ishlarni boshlashga chaqirdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Anqara, Baku va Ashxobod tabiiy gaz yetkazib berish sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruh tuzishini bildirdi.
Erdo‘g‘an turkman gazini ham Ozarbayjon yordami bilan Kaspiy dengizi orqali Turkiyaga olib kelib, so‘ng uni Yevropa mamlakatlariga pullashni rejalashtiryapti.
LiveBarchasi