Ozarbayjon Rossiyaga “dushmanlik uchun” norozilik notasini topshirdi

Olam

image

Rossiyaning Birinchi kanalidagi “Katta o‘yin” ko‘rsatuvidagi dushmanona gaplar munosabati bilan Ozarbayjon Rossiyaga norozilik notasini yubordi. Bu haqda Ozarbayjonning Moskvadagi elchixonasi xabarida aytiladi. 

Ma’lum qilinishicha, Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi joriy yilning 20-21 oktyabr kunlari Birinchi kanaldagi “Katta o‘yin” ko‘rsatuvi efiridagi dushmanona bayonotlar munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy norozilik notasini yuborgan. 

“Dastur efirida rossiyalik siyosatshunos va arman millatiga mansub ekspertlar Ozarbayjonga qarshi ochiqdan-ochiq hujumlar uyushtirgan, Ozarbayjon Respublikasining hududiy yaxlitligi shubha ostiga olingan, mamlakatning ko‘rsatilgan geografik xaritasi buzib tasvirlangan”, deyiladi xabarda.  

Notada ta’kidlanishicha, tok-shou mehmonlari o‘z chiqishlari bilan arman jamiyatida revanshist kuchlarni qo‘zg‘atadi, o‘tmishda qolib ketgan mojaroni qayta jonlantiradi va separatizmni ochiq qo‘llab-quvvatlaydi, ikki xalq o‘rtasida adovat urug‘ini sepadi. 

Elchixonaning ta’kidlashicha, davlat telekanalida noxolis bayonotlardan foydalanish va ochiq siyosiy provokatsiyalarga yo‘l qo‘yish nafaqat Rossiyaning mamlakat Prezidenti tomonidan qayta-qayta bildirilgan rasmiy pozitsiyasiga zid keladi, balki mintaqada tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik uzoq muddatli istiqbolni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralarga ham putur yetkazadi.  

“Mintaqadagi mo‘rt tinchlik sharoitida keskinlikni keltirib chiqaradigan va vaziyatni keskinlashtirishi mumkin bo‘lgan provokatsiyalarning oldini olishda OAV vakillariga alohida mas’uliyat yuklanadi”, deyiladi bayonotda.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Rossiya

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing