So‘z ozarbayjonliklarga: Rossiya o‘zini yig‘ishtirsin
Intervyu
−
22 iyul 15659 4 daqiqa
O‘tgan yilning 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyotning Rossiya tomonidan urib tushirilishi va oqibatda 38 kishi halok bo‘lishi ortidan yomonlashib, joriy yilning iyun oyi oxirida Yekaterinburg shahrida o‘tgan yillardagi qotillik ishi doirasida asli ozarbayjonliklar qo‘lga olinib, reyd davomida ikki kishi – aka-uka Safarovlarning vafot etishidan keyin g‘oyat tarang vaziyatga kelib qolgan Ozarbayjon-Rossiya munosabatlari haligacha yaxshilangani yo‘q. Ushbu keskinliklar fonida Kavkaz davlati boshqa sobiq sovet mamlakatlaridan farqli o‘laroq Putin boshqaruvidagi o‘lkaga o‘z uslubida, ters va qat’iy javob qaytari, hatto ushbu holat Ozarbayjonda rus tilida ta’lim beruvchi maktablarning yopilishi haqidagi mish-mishlarni keltirib chiqardi. Yaqinda Bakuda bo‘lib qaytgan QALAMPIR.UZ jamoasi esa yuqoridagi holatlar bo‘yicha ozarbayjonliklarning munosabati bilan qiziqdi.
Bizga ilk duch kelgan suhbatdoshimiz Ozarbayjon har doim o‘z chegaralari, hududiy yaxlitligini va fuqarolarini himoya qilib kelgani, bunday vaziyat mamlakat tarixida u yoki bu shaklda ko‘p bor yuz berganini va ozarbayjonlar doim irodali xalq sifatida bularni yengib kelganini ta’kidladi. Shuningdek, u bosqinchilik ruhidagi har qanday tizimga munosib javob qaytarish zarurligi urg‘uladi.
“Umumiy olib qaraganda, Ozarbayjon hamisha o‘z chegaralarini, yerlarini himoya qilib kelgan va bir xalq sifatida juda kuchli irodaga ega. Biz doimo xoh ruslar, xoh boshqa millatlar tarafidan bo‘lsin ko‘p bora tazyiqqa uchraganmiz va bugungi vaziyatni ham sog‘lom shaklda bir davlat, xalq sifatida bosib o‘tamiz. Albatta, migrantlarimiz bilan bog‘liq vaziyatga salbiy qarayman. Biz bu holatni xavotir bilan qabul qilmoqdamiz. U yerdagi ozarbayjonlik vatandoshlarimizning ahvoli biz uchun doimo muhim. Men endi ruslarning boshqa migrantlarga nisbatan ham qilayotgan munosabatlariga “to‘xta” deyish vaqti kelgan, deb tushunaman va barcha tazyiqqa uchrayotgan millat vakillaridan bu munosabatlarga qarshi e’tiroz kutib qolaman”, dedi u.

Yana bir qancha odamlar esa iliq munosabatlarni saqlab qolishni, rus maktablari yopilmasligi kerakligini qayd etib, vaziyatni tinch, diplomatik yo‘l bilan hal qilish lozimligini, migrantlarga chiroyli munosabatda bo‘lib, hamma o‘zini bilishi va bordi-keldi davom etib, Ozarbayjon Ozarbayjon, Rossiya Rossiya bo‘lib qolishi kerakligini aytdi.
“Rus maktablar yopilmasin deyman chunki buni ziyoni yo‘q. Ammo yuzaga kelgan keskinlikni vaqt ko‘rsatadi. Lekin migrantlarimizga nisbatan olib borilayotgan siyosatga munosabatim manfiy, odamlarga iliq muomalada bo‘lish kerak”, deydi ulardan biri.

Boshqalar shuncha ko‘ngilsiz voqea va hodisalar sodir bo‘lishiga qaramay do‘stona aloqalarni asrab qolish kerakligini bildirayotgan vaqtda yana bir suhbatdoshimiz Rossiyaning migrantlarga va mintaqadagi davlatlarga nisbatan olib borayotgan siyosatini keskin qoralab, Federatsiya haddini bilishi kerakligini ta’kidladi. Qolaversa u Ozarbayjonda rus tilida ta’lim beruvchi maktablarning davlat tomonidan moliyalashtirilishiga qarshi ekanini bildirdi.
“Ozarbayjonda rus tili maktablari xususiy bo‘lishi kerak, ammo davlat tomonidan moliyalashtirilishi to‘g‘ri emas. Agar rus tili davlat maktablari bo‘lsa, ingliz tili maktablari, arab tili, turk tili maktablari ham bo‘lishi kerak. Agar xususiy bo‘lsa, marhamat, lekin Ozarbayjonda 300 dan ortiq rus tili davlat maktablari bor. Nega? Nega bunday bo‘lishi kerak? Nega hukumat bunga pul sarflashi kerak? To‘g‘rimi?
Rossiyadagi migrantlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu juda yomon. Zero ular unutmasin, Rossiyani Rossiya qilayotganlar rus millatiga mansub bo‘lmagan xalqlardir. 140 millionlik Rossiyaning borsa 30 millioni rus bo‘lsa bo‘ladi, bo‘lmasa yo‘q. Qolganlari turkiy tilli, slavyan va boshqa millat vakillari. Bular oxiri o‘z boshiga yetadi. Tushunishmayaptimi hammadan ayrilib qolayotganini? Rus shovinizmi o‘zini yig‘ishtirib olsin. Kim bo‘libdi ular? Ularga madaniyatni ota-bobolarimiz o‘rgatgan. Atilla, Chingizxon o‘rgatgan. Soqollari ikki metr uzunlikka tushar edi Chingizxon borib epaqaga solgan ularni. Kim bo‘libdi ular? Hammomni biz o‘rgatganmiz-ku! Yettitasi bitta bochkada cho‘milar, o‘ntasi bitta tog‘orada ovqatlanardi. Biz o‘rgatganmiz-ku madaniyatni”, dedi suhbatdoshimiz.

Ushbu so‘rovnomani to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr