Aliyev Putinga dushmanlikdan qo‘rqmayapti
Tahlil
−
13 fevral
145412024 yilning 25 dekabrida Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti jiddiy taxminlarga ko‘ra, Grozniy osmonidagi tashqi ta’sirlar tufayli Qozog‘istonga yo‘nalish olib, shu yerda qulagandan so‘ng, Baku va Moskva munosabatlari qil ustida qolmoqda. Bu muammo cobiq sovet respublikalari bilan teng munosabatlarni xushlamaydigan Kremlning 25 yillik egasining Aliyevdan uzr so‘rashlari bilan ham hal bo‘lganicha yo‘q. Chunki Ozarbayjon Prezidenti tomonidan qo‘yilgan yana ikkita talab hali ham Putin tomonidan bajarilmadi. Rasmiy Baku Kreml aybni tan olishi, halokatga sababchi bo‘lgan aybdorlarni jazolashi va qurbonlarning oilalariga kompensatsiya to‘lanishini kutmoqda. Aliyev aviahalokat yuzasidan tergov natijalari to‘liq yakunlanmasidan oldin allaqachon o‘z haqiqati sifatida Rossiyani shubhasiz voqea uchun yagona aybdor sifatida ko‘ryapti. Uning bu pozitsiyasi Embraer 190’ning “qora quti”lari tahlil qilish uchun Braziliyaga yetkazilishi va ma’lum vaqt o‘tib, “qora quti” ma’lumotlarini dekodlash yakunlanib, tergovga rahbarlik qilayotgan Qozog‘iston ularni Rossiya va Ozarbayjonga taqdim etganidan oldin ham keyin ham deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Chunki bu bugungi Baku va Moskva o‘rtasidagi ziddiyat borgan sari taranglashayotganida namoyon bo‘lyapti. Demak, rasmiy Baku va Kremlda voqeaning dastlabki aniq tafsilotlari bor va voqealar rivoji shunga qarab yo‘nalish olmoqda. Aniqrog‘i, Ozarbayjon Rossiyani turli yo‘sinda jazolash harakatlarini boshlab yubordi.
Dastlabki tergov xulosasi Moskvaga ishora qilganmidi?
Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev Ozarbayjon aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining halokatga uchrashini tekshirish bo‘yicha tuzilgan Qozog‘iston hukumat komissiyasi hisobotni 30 kun ichida taqdim etishini bildirdi. Qozog‘iston Transport vazirligi Aqtau yaqinida halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti bo‘yicha tergovning dastlabki natijalarini aks ettiruvchi hisobotni e’lon qildi. Mazkur hisobot bilan hodisaning bir qator yangi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Vazirlikka ko‘ra, samolyotdagi yong‘inning asosiy manbai o‘ng qanot, fyuzelyaj (samolyot tanasi)ning burun va markaziy qismlari hamda chap qanoti bo‘lgan. Mutaxassislar fyuzelyajning quyruq qismida, vertikal stabilizator va rulda turli o‘lcham va shakldagi ko‘plab ochiq va noaniq shikastlanishlarni aniqladi. Xuddi shunday shikastlanishlar samolyotning chap dvigateli va chap qanotida ham aniqlangan. Ba’zi joylardagi teshiklar to‘rtburchaklar shaklida bo‘lgan.
Qozog‘istonda tuzilgan tergov komissiyasi ushbu hisobotni tayyorlashga Ozarbayjon vakillarini ham jalb qilgan holda dastlabki hisobotda quyidagi qolgan faktlarni ham tasdiqladi: Jumladan, 2024 yil 25 dekabrda Ozarbayjon Respublikasining Baku shahridan Rossiya Federatsiyasining Grozniy shahriga muntazam reysni amalga oshirgan. “Ozarbayjon havo yo‘llariga tegishli Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti havoga ko‘tarilganda va Grozniyga parvoz paytida parvozga to‘laqonli yaroqli holatda bo‘lgan. Samolyotning ikkala dvigateli ham voqea sodir bo‘lgunga qadar hech qanday texnik nosozliklarga uchramagan. Samolyot Rossiya Federatsiyasi havo hududida, jumladan, Grozniy aeroporti ustida parvoz operatsiyalarini bajarish chog‘ida GPS signallarini yo‘qotgan. Samolyot Grozniy ustidan ikkinchi qo‘nishni amalga oshira olmaganidan so‘ng kapitan Bakuga qaytishga qaror qilgan. Ushbu qaror qabul qilingandan so‘ng Grozniy ustida 24 soniya oralig‘ida ikkita begona shovqin qayd etilgan. Samolyotning fyuzelyajida ko‘p sonli kirib boruvchi va ko‘r-ko‘rona shikastlanishlar borligi aniqlanib, foto va video tasvirga olingan. Samolyot fyuzelyajida begona jismlarning ta’siri oqibatida aniqlangan shikastlanishlar hosil bo‘lishi haqida ham ma’lumot berilgan. Dastlabki hisobotda qushlarning urilishi haqida hech qanday asosli ma’lumot yo‘q. Kislorod balloni portlash faktini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar ham qayd etilmagan. Chikago konvensiyasiga ko‘ra, dastlabki hisobot tayyorlangach, voqea sodir bo‘lgan kundan boshlab 1 yil ichida avariya sabablari bo‘yicha yakuniy hisobot tayyorlanishi kerak. Qozog‘iston Respublikasi va tergovda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar tomonidan yakuniy hisobotni tayyorlash bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Ammo tarmoqlarda yuqorida qisqacha to‘xtalib o‘tganimiz, 53 betli ilk tergov hisobotida qayd etilmagan ma’lumotlar ham tarqamoqda. Jumladan, “Reuters” Ozarbayjon hukumatidagi manbasiga tayangan holda Aqtau shahriga yaqin joyda qulab tushgan Embraer 190 samolyoti Rossiyaning “Pansir-S1” havo mudofaa tizimi raketasi tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Ozarbayjonning qasos zarbalari
Samolyot halokati haqidagi eng keng tarqalgan versiyalardan biri bu Ukraina dronlari va ularga qarshi ishlagan Rossiya havo mudofaasi tizimi bilan bog‘liq. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda urchigan bunday variantga ko‘ra, Ukraina Rossiyaga dron hujumi uyushtirgan paytda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari faol bo‘lgan holda Ozarbayjon samolyotiga zarba berib yuborgan bo‘lishi yoki Ukraina dronining o‘zi bunga aybdor bo‘lishi mumkin. Ayni paytda sog‘lom fikrga ega bo‘lgan biror-bir inson tomonidan jiddiy qabul qilinmaydigan rus propagandasi mazkur versiya orqali aybni Ukrainaga burishga harakat qildi. Biroq hammasi befoyda ketgan ko‘rinadi. Bu versiyani bekorga yodga olmadik. 22 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Aliyev matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv Ukraina tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Rahbarlar uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi aloqalar, energetika sohasida hamkorlik hamda mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilingan. Bundan tashqari, 5 fevral kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun bir million dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi farmonni ham imzoladi. Ushbu mablag‘lar esa Prezidentning zaxira jamg‘armasidan ajratilgan va ular Ukrainaga Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan elektr jihozlarini xarid qilish va jo‘natish uchun berildi. Shuningdek, farmonda Ukrainadagi so‘nggi vaziyat munosabati bilan Ozarbayjon hukumati Ukraina xalqiga bir necha bor insonparvarlik yordami jo‘natgani ham qayd etilgan. Farmonda yozilganidek, Aliyev Kiyevga bosqin davomida qator gumanitar yordamlar taqdim qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bosqini boshlangandan buyon to shu kungacha Ozarbayjon Ukrainaga 40 million dollarlik yordam bergan. Ammo aynan hozir dabdurustdan 1 million dollarlik ushbu yordam Moskvaga berilgan birinchi signal sifatida baholanishi ham mumkin. Zero, bunday signallar keyinchalik to‘g‘ridan to‘g‘ri “zarba”lar berilishi bilan davom etdi.
Keyingi zarba Rossiyaning “yumshoq kuchi”ga
Ozarbayjon hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan Yevgeniy Primakov boshchiligidagi “Rossotrudnichestvo” yoki “rus uyi” ham deb nomlanadigan Kremlning dunyo davlatlaridagi “yumshoq kuchi” bo‘lgan tashkilot yopilishi haqida xabar berdi. Bu Ukrainaga berilgan 1 million dollarlik gumanitar yordamdan bir kun, 6 fevraldan o‘tib, sodir bo‘ldi. Ozar mahalliy matbuotining yozishicha, hukumat o‘zining bu qarorini mamlakat endilikda tashqi aralashuvga toqat qilmasligi bilan bog‘ladi. Bu Ozarbayjonda faoliyati to‘xtatilgan birinchi “yumshoq kuch” hisoblanadigan tashkilot emas. Chunki avvalroq, Ozarbayjonda Amerika xalqaro taraqqiyot agentligi USAID ofisi yopilgan edi. Ikkala tashkilot ham o‘zi tegishli bo‘lgan davlatning “yumshoq kuch”i hisoblanadi. Rossiya tomoniga “Rossotrudnichestvo” faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida rasmiy xabarnoma yuborilgan. Ozarbayjon hukumati “rus uyi”ning yopilish sababi sifatida uning yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi bilan izohladi. Ammo “Rossotrudnichestvo” rahbari Yevgeniy Primakovning aytishicha, tashkilotning o‘zi ko‘p yillar davomida bir necha bor ro‘yxatdan o‘tishni talab qilgan, ammo ularning bu murojaatlari javobsiz qolgan.
“Gap shundaki, Rossiyaning Ozarbayjon Respublikasidagi elchixonasi, vakolatxonamiz va Tashqi ishlar vazirligi bu yillar davomida ko‘p marotaba Adliya vazirligiga, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ro‘yxatdan o‘tishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Biz har doim bunga tayyor edik, ammo bizning murojaatlarimiz javobsiz qoldi”, deydi u.
“Rossotrudnichestvo” – rus targ‘ibot quroli
“Rossotrudnichestvo” nima, u boshqa mamlakatlarda nimalar qiladi? Mazkur agentlik 2008 yilda o‘sha paytda nomigagina bir muddat Rossiya Prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Dmitriy Medvedev tomonidan Rossiyaning asosan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi ta’sirini saqlab qolish va Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish uchun do‘stona aloqalarni rivojlantirish maqsadida tuzilgan. “Rossotrudnichestvo”ni ma’lum ma’noda ayni damda taqdiri xavf ostida qolgan AQSH taraqqiyot agentligi – USAID’ning ruscha varianti desak ham bo‘ladi. Faqat USAID’ning o‘taketgan “egoist” versiyasi. Negaki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet elda yashovchi ruslar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentlik – “Rossotrudnichestvo” Rossiya Federatsiyasining federal ijroiya organi hisoblanadi. Rossiya Federatsiyasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar, boshqa xorijiy davlatlar bilan xalqaro munosabatlarini ta’minlash va rivojlantirish sohasida, shuningdek ,xalqaro gumanitar hamkorlik sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish va davlat mulkini boshqarish funksiyalarini amalga oshiradi. Ammo bu masshtab faqat MDH bilan cheklanib qolmaydi. Ayni damda agentlik 71 ta davlatda faoliyat yuritishi va bu asosan, Markaziy Osiyo, Lotin Amerikasi, Sharqiy Yevropa va boshqa hududlarda mavjud. Lekin “rus uyi” baribir ko‘proq MDHda Rossiya o‘z ta’sirini saqlab qolish yo‘lida xizmat qiladi. Buning uchun milliardlab pullar ham sarflanadi. Xorijda Rossiyaning ob’ektiv g‘oyasini tarqatishga qaratilgan bu tashkilot mavjud mamlakatlarda turli tadbirlarni tashkil qiladi, festivallar, ko‘rgazmalar, konsertlar, konferensiyalar o‘tkazadi. Grantlar ajratish, rus madaniyati haqida ma’lumotlar tarqatishga mo‘ljallangan axborot markazlarini yaratish ham “rus uyi” funksiyalariga kiradi.
Biroq Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan ko‘p o‘tmay, tashkilotning asl basharasi ochilgandek bo‘ldi. Bu paytda “Rossotrudnichestvo” faoliyati ekspertlar nazariga tushdi va ular tomonidan salbiy baholandi. Chunki tashkilot aralashuvi gumoni bilan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yil aprel oyida Yevropa bo‘ylab sinxron rossiyaparast ommaviy mitinglar, namoyishlar va avtomobil konvoylarini tashkil etish kabi holatlar kuzatilgani qayd etildi. Shu bois, 2022 yil iyul oyida Yevropa Ittifoqi “Rossotrudnichestvo”ga Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazadigan yoki tahdid soladigan harakatlar yoki bosqin siyosatini qo‘llab-quvvatlash aybi bilan sanksiyalar kiritdi. Keyinchalik Kanada ham Rossiyaning Ukrainaga asossiz hujumini qo‘llab-quvvatlagani uchun agentlikka sanksiyalar kiritdi. Ukrainaning o‘zidagi tashkilot “rus uyi” esa 2021 yildan beri sanksiyalar ostida.
Ha, aytgancha, bu tashkilot MDHning bir qancha mamlakatlari qatorida O‘zbekistonda ham mavjud. “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi o‘z faoliyatini Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi umumiy rahbarligi va nazorati ostida amalga oshirishi belgilangan. Tashkilot rasmiy saytida yozilishicha, “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati 2001 yildan buyon shu yerda faoliyat olib boradigan Rossiya fan va madaniyat markazi negizida quyidagi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlar, do‘stlik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi 1992 yil 30 maydagi shartnoma;
Rossiya Federatsiyasi hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida 1998 yil 6 maydagi axborot-madaniy markazlarni tashkil etish va faoliyat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risidagi bitim;
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2009 yil 13 noyabrdagi 1283-sonli “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishlari bo‘yicha Federal agentligi, chet elda yashovchi vatandoshlar va Rossiya Federatsiyasidan tashqarida xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha vakolatxonalar to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni.
Qizig‘i shundaki, tashkilotning rasmiy saytida “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi o‘z faoliyatida Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi, federal konstitutsiyaviy qonunlar va federal qonunlar, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Rossiya Federatsiyasi hukumatining qarorlari va farmoyishlari, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari, “Rossotrudnichestvo” qarorlari va rahbariyatining ko‘rsatmalari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining xalqaro shartnomalari va eng oxirida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga amal qilishi yozib qo‘yilgan. O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga qaramay, o‘z saytida Rossiya Federatsiyasining o‘nlab qonun va normativ-huquqiy hujjatlarini qatorlashtirib tashlagan “Rossotrudnichestvo” shunchaki bir og‘iz so‘z bilan “O‘zbekiston qonunchiligiga amal qiladi” degan holda, milliy qonunchilikdagi qaysi hujjatlar va qonunlarga bo‘ysunishni qayd etishga eringan chog‘i.
“Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi rahbari o‘z faoliyatini Rossiya Federatsiyasining Favqulodda va Muxtor elchisi bilan muvofiqlashtiradi, unga o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yordam beradi va o‘z ishi to‘g‘risida muntazam ravishda xabardor qiladi. 2022 yil iyul oyida tashkilot YeI sanksiyalariga kiritilgan paytda uning Toshkentdagi vakolatxonasi yangi binoga ko‘chib o‘tdi va hozirda Toshkent markazida Kosmonavtlar metrosidan 5 daqiqalik piyoda masofada joylashgan Yunus Rajabiy ko‘chasi 63-uyda faoliyat yuritib keladi. 2023 yil avgust oyidan boshlab Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi darajasidagi “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining rahbari etib Irina Aleksandrovna Staroselskaya tayinlangandi.
Sobiq bokschi Valuyev Ozarbayjonga kiritilmaydi
Baku Rossiyaning davlat tomonidan moliyalashtiriladigan madaniy diplomatik quroli “Rossotrudnichestvo”ning mamlakatdagi filialini yopishni buyurgandan so‘ng bunga javoban Nikolay Valuyev Moskva Rossiyadagi etnik ozarlarni va ularning moliyaviy operatsiyalarini nishonga olishi mumkinligini aytgandi. Ha, bu o‘sha rossiyalik superog‘ir vazndagi mashhur sobiq bokschi Nikolay Valuyev edi. U ayni damda Rossiya Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritadi. Ko‘pchilik Valuyevni 2007 yilda superog‘ir vazn toifasida WBC kamari uchun o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev bilan jang qilib, imkoniyatni boy bergani va jang davomida anchagina savalangani bilan eslaydi. Chagayevning “shturm”laridan arang omon qolgan o‘sha Valuyev bugunga kelib, o‘zining ozar millatiga qarshi bergan noo‘rin bayonoti tufayli Ozarbayjon Respublikasiga kirish taqiqlandi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda mahalliy OAVga ma’lum qilib, Nikolay Valuyevning Ozarbayjon davlati va xalqiga nisbatan haqoratomuz va tahdidli bayonotlarini mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.
“Aytilgan deputatning Ozarbayjonga qarshi bayonotlari munosabati bilan uning ismi Ozarbayjon Respublikasiga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan va mamlakatimizga kirishi taqiqlangan. Umuman olganda, shuni ta’kidlashni istardikki, bu Davlat Dumasi deputatlari “nomaqbul shaxslar” ro‘yxatiga kiritilgan birinchi holat emas. Masalan, Ozarbayjondagi tegishli ro‘yxatga avvalroq Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi harakat qilgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin va Oilani himoya qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Vitaliy Milonovlar ham kiritilgandi. Taassuf bilan qayd etmoqchimizki, mamlakatimizga qarshi ish olib borayotgan bu deputatlarning barchasi Rossiyaning hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi a’zolaridir. Mamlakatimiz va Ozarbayjon xalqining suvereniteti, hududiy yaxlitligiga qarshi harakat qilayotgan bunday shaxslarga nisbatan mamlakatimiz qonunchiligi doirasida tegishli choralar ko‘rilishi davom ettiriladi”, deydi Hojizoda.
Rossiya Davlat Dumasi deputati Nikolay Valuyevning bu bayonoti kishini ajablantirmaydi, ochig‘i. Chunki bu Duma allaqachon Rossiyaning qo‘shnilariga, hamkorlariga va strategik sheriklariga “o‘q otish” uchun mo‘ljallangan poligonga aylanib bo‘lgan. Biri boshqa mamlakat qonunchiligini oyoq osti qilib, Ukrainaga qilingan bosqinda rus armiyasiga jinoiy ravishda qo‘shilgan fuqarolarini qonunchilikka binoan qamagan davlatga dag‘dag‘a qiladi, boshqalari esa migrantlarga “it”dek munosabatda bo‘lishni qo‘llab-quvvatlaydi. Senatorlarning Ukraina taqdirini eslatib, tahdid qilishi esa hammasidan oshib tushadi. Umuman olganda, bu yerda faoliyat yuritadigan shaxslar bir qarashda qonunchi emas, balki Putinning ko‘nglidagi istagini churq etmay bajaradigan yollanma askar kabi ko‘rinadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



