Ozarbayjon Qorabog‘ga yana gaz yetkazishni to‘xtatdi – Armaniston OAV

Olam

image

Ozarbayjon yana bir bor Armanistondan Qorabog‘ga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda kecha, 10 mart kuni TASS “Armenpress” agentligiga tayanib xabar berdi.

“10 mart kuni Ozarbayjon tomoni yana bir bor Armanistondan Qorabog‘ga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. “Artsaxgas” kompaniyasi fuqarolardan xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘raydi”, deb iddao qilinadi xabarda.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasiga gaz vaqti-vaqti bilan uzilib qolmoqda. Qariyb uch oydan beri davom etayotgan Lochin yo‘lagining to‘sib qo‘yilishi bilan birga armanlar yashaydigan hududda yashovchi 120 ming kishi “gumanitar falokat”dan aziyat chekmoqda. Armaniston iddaolariga ko‘ra, Ozarbayjonda hayot uchun chidab bo‘lmas shart-sharoitlar yaratilmoqda, bundan maqsad mintaqani etnik tozalashdir.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 5 mart kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari harbiy yuklarni noqonuniy yetkazib berayotgan arman avtomobilini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchilari Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘t ochgan. Otishma oqibatida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Armaniston tomoni uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Ozarbayjon ayni vaqtda Armanistonni Qorabog‘ga qurol-yarog‘, minalar va o‘q-dorilar to‘playotganlikda ayblamoqda. 

O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi. Shuningdek, Ozarbayjon xalqni bo‘ysundirish uchun Tog‘li Qorabog‘ni etnik tozalash va genotsidga duchor qilishga tayyorlanayotganini qayd etdi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi.

Qorabog‘ urushi

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Qorabog' Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing