Ozarbayjon falastinlik qochqinlar uchun 1,6 mln dollar ajratmoqchi

Olam

image

Ozarbayjon BMTning Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) orqali falastinlik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,6 million dollar ajratdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida nutq so‘zlagan. 

Bayramov nutqi davomida mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning jiddiy yomonlashishiga olib kelgan so‘nggi voqealar xavotirga sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. 

“Ozarbayjon tomonlarni harbiy harakatlarni to‘xtatish va mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 oktyabr kuni tunda G‘azo sektoridagi Al-Ahli shifoxonasiga hujum oqibatida 800 kishi halok bo‘lgandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon BMT Falastin qochqinlar Jidda falastinlik qochqinlar Jeyhun Bayramov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing