“Ozarbayjon deyarli rusiyzabon davlat”. Putin Moskva va Baku yarashganini aytdi
Olam
−
10 Oktabr 2025 6104 3 daqiqa
Ozarbayjon va Rossiya hech qanday muammosiz ravishda aloqalarini rivojlantiradi hamda har ikki mamlakatda mavjud katta rejalarni amalga oshiradi. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Dushanbedagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Jurnalistning ikki tomonlama munosabatlardagi inqirozdan chiqish yo‘llarini belgilab olindi-mi, yoki ma’lum bir sovuqlik saqlanib qoldi-mi, degan savoliga javob berar ekan, Vladimir Putin Rossiya va Ozarbayjonda qandaydir davlatlararo munosabatlar inqirozi bo‘lgan, deb hisoblamasligini, joriy yilda sodir bo‘lgan voqealar ehtimol, ko‘proq hissiyotlar inqirozi ekanini qayd etdi.
“Agar bu haqiqiy davlatlararo inqiroz bo‘lganida, savdo-iqtisodiy aloqalar o‘smagan bo‘lardi. Ammo biz ko‘rgan va boshdan kechirgan barcha holatlarga qaramay, o‘zaro tovar ayirboshlash o‘sishda davom etdi hamda sezilarli darajada o‘sdi. Qanday qilib bu davlatlararo inqiroz bo‘lishi mumkin?
Men aytgan bo‘lardimki, bu ehtimol, ko‘proq hissiyotlar inqirozi edi. Sababi tushunarli. Chunki biz juda og‘ir, fojiali hodisa – samolyot va undagi yo‘lovchilar halokati bilan yuzma-yuz keldik. Shu bois, bunga osoyishta yondashib, tushunib olishimiz uchun vaqt kerak edi”, dedi Rossiya rahbari.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Embraer 190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotganda Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulaganidan so‘ng, uda murakkab texnik ekspertizalar o‘tkazish, “qora quti”larni topish, ularni “rasshifrovka” qilish, Mudofaa vazirligi olgan barcha ma’lumotlar bilan taqqoslash, ham Rossiyaning, ham Qozog‘istonning dispetcherlik xizmatlari ma’lumotlarini jamlash kerak bo‘lgan.
“Men o‘zim, Leningrad universitetining yuridik fakultetida o‘qiganimda, transport prokuraturasida amaliyot o‘taganman va shunday ishlar bilan shug‘ullangan tergovchiga biriktirilgan edim. Men bu ishning qanday bo‘lishini bilaman. Bu avval qarashda zerikarli tuyulishi mumkin, ammo unda xato qilish mutlaqo mumkin emas.
Nihoyatda biz buni amalga oshirdik. Biz Ilhom Haydarovich bilan bu tergovni xolis o‘tkazish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz, deb kelishgan edik. Xalqaro davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi ham o‘tkazgan tergovga biz taqdim etgan barcha materiallar jalb qilindi.
Hozir tergov yakunlanish arafasida, umuman olganda, hammasi tushunarli. Ehtimol, mutaxassislar rasmiylashtirishi lozim bo‘lgan ba’zi mayda-chuyda masalalar qolgandir. Biz kecha aynan shu haqda Ozarbayjon Prezidenti bilan gaplashdik”, dedi Putin.
Ozarbayjon bilan “bu sahifani yopganiga” umid qilishini aytgan Rossiya yetakchisi ikki mamlakat logistikada ham, sanoat kooperatsiyasida ham, gumanitar sohada ham katta rejalarni amalga oshirishini urg‘uladi.
“Shuni ham esga solmoqchiman: Ozarbayjon deyarli rusiyzabon davlat. U yerda deyarli hamma joyda rus tili o‘rganiladi. Bu ham mamlakatda Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishga chuqur, barqaror munosabat borligidan dalolat beradi. Men kelajakda ham shunday bo‘lishiga juda ishonaman.
Hissiyotlar – ularsiz bo‘lmaydi. Lekin ularni shunday holatda ushlab turish kerakki, ishga va olg‘a harakatga xalaqit bermasin. Umid qilamanki, bularning barchasi ortda qoldi”, dedi Putin.
Embraer 190 samolyotining qulashi
2024 yil 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevdan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Kecha, 9 oktyabr kuni bir yillik tanaffusdan keyin Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan Tojikistonda uchrashdi. Putin uchrashuvni samolyot fojiasiga oid vaziyatni muhokama qilishdan boshlashni taklif etdi. U Rossiya tovon to‘lash masalasida zarur ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Live
Barchasi