Ozarbayjon Armanistondan tovon puli talab qildi

Olam

image

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun Armanistonga qarshi davlatlararo arbitraj jarayonini boshladi. Bu haqda bugun, 27 fevral kuni respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

“2023 yilning 27 fevralida Ozarbayjon Energiya Xartiyasi shartnomasiga muvofiq, Armanistonga qarshi davlatlararo arbitraj jarayonini boshladi. Armanistonga taqdim etilgan arbitraj bildirishnomasida Ozarbayjon tomoni Ozarbayjon hududlarining qariyb 30 yillik (1991 yildan 2020 yilgacha) bosib olinishi davomida Ozarbayjonning energiya resurslariga bo‘lgan suveren huquqlari buzilgani uchun tovon to‘lash va moliyaviy kompensatsiya talab qilmoqda”, deyiladi bayonotda. 

Unda ta’kidlanishicha, Armaniston Ozarbayjonni Qorabog‘ mintaqasidagi energiya resurslaridan harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilib, Ozarbayjonning energiya resurslarini o‘z manfaati yo‘lida ishlatib, Energiya Xartiyasi shartnomasining ko‘plab qoidalarini va xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini buzgan.

“Energetika Xartiyasi shartnomasiga muvofiq Ozarbayjonning Armanistonga qarshi davlatlararo da’vosining asosi Armaniston tomonining Qorabog‘ mintaqasining boy gidroenergetika resurslaridan noqonuniy ekspluatatsiya qilishidir”, deyiladi xabarda.  

Ta’kidlanishicha, Ozarbayjon ichki suv resurslarining 25 foizi shu mintaqada to‘plangan. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Armaniston tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya qilingan eng yirik gidroenergetika inshooti 1994 yilda Armaniston tomonidan bosib olingan Sarsang suv omboridagi Terter GESidir. 

Bundan tashqari, hisobotga ko‘ra, ishg‘ol davrida Armaniston Ozarbayjonning suveren hududida ruxsatsiz kamida 37 ta gidroenergetika inshootini qurgan, ko‘mir zaxiralarini noqonuniy o‘zlashtirgan va Naxichevanni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi infratuzilmani ishdan chiqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing