Ozarbayjon-Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
13 iyul 2020
11206Kecha, 12 iyul kuni Ozarbayjon va Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Hozirgacha 3 nafar ozariy harbiy halok bo‘ldi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Ikki davlat harbiylari Tovuz tumanida to‘qnashgan. Rasmiy Baku Yerevan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini va Ozarbayjon harbiylariga o‘q uzganini ma’lum qildi. Ikki tomonda ham qurbonlar bo‘lgani aytildi.
O‘z navbatida, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari yuk mashinasida davlat chegarasini kesib o‘tib, Tavush qishlog‘i tomonga o‘tishga uringani haqida bong urdi.
“Ogohlantirishdan keyin Ozarbayjon harbiylari avtomobilni tashlab, yashiringan, ammo bir soat o‘tib, artilleriyadan o‘qqa tutish boshlandi va bizning mudofaa punktimizni qo‘lga olishga urinishgan. Armaniston Qurolli kuchlari hujumga javob qaytarib, uni bartaraf etdilar”, deyiladi Armaniston tomoni bayonotida.
Shuningdek, rasmiy Yerevan hujumda ulardan hech kim jarohatlanmaganini ma’lum qildi.
Qayd etish kerakki, Armaniston va Ozarbayjonning hududiy muammosi so‘nggi 30 yildan beri davom etyapti. Buning sababi Armanistonning Ozarbayjonga tegishli bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ni egallab olishidir. Xalqaro hamjamiyatning e’tirozlariga qaramay Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonga qaytarmay keladi.
LiveBarchasi