Ozarbayjon chegarachilari Armaniston bilan chegaradagi 4 qishloqni nazorat ostiga oldi

Olam

image

Ozarbayjon chegara xizmati 1990 yillardan beri Armaniston nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloq hududi ustidan nazorat o‘rnatdi. Bu haqda kecha, 24 may kuni Armaniston bilan chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilayotgan Ozarbayjon Bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafoyevning matbuot xizmati xabar berdi.

Ozarbayjon chegarachilari Baganis-Ayrum, Ashagi-Askipara, Xeyrimli va Qizilgajili qishloqlarini nazorat ostiga oldi.

O‘z navbatida, Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati 24 maydan boshlab arman chegarachilari Tavush viloyatidagi uchta chegara qishloqlari – Berkaber, Voskepar va Baganis hududlarini qo‘riqlashni boshlashi haqida xabar berdi.

Qo‘riqlanadigan hududning uzunligi deyarli 7 kilometrni tashkil qiladi.

“Davlat chegarasining Kirans qishlog‘i yaqinidagi 5,8 kilometrlik uchastkasini qo‘riqlash 2024 yilning 24 iyuliga qadar o‘tish sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi”, deya qo‘shimcha qildi Milliy xavfsizlik xizmati.

Shu tariqa Armaniston va Ozarbayjon shimoliy chegaradan qo‘shinlarini olib chiqib, hududlar ustidan nazoratni chegara xizmatlariga topshirdi.

Qayd etish joizki, may oyi boshidan beri Armanistonda Ozarbayjonga hududiy yon berishlarga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. 13 may kuni “Tavush Vatan uchun” norozilik harakati rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan minglab tarafdorlarini norozilik faolligini kuchaytirishga chaqirdi. Avvalroq u Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga iste’foga chiqish uchun ultimatum qo‘ygandi. Namoyishlar paytida allaqachon yuzlab namoyishchilar hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Baku chegaraning alohida uchastkasi bo‘yicha demarkatsiya qilish, jumladan, Tavush viloyati va Ozarbayjonning shimoli-g‘arbiy G‘azax viloyati o‘rtasidagi to‘rtta qishloqning hududiy mansubligi haqida avval kelishib olganini ma’lum qilgandi. Delimitatsiya aslida Ozarbayjon SSR tarkibiga kirgan va 1990 yillardan beri Armaniston nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloqning Ozarbayjon tasarrufiga o‘tkazilishini anglatadi. Tomonlar yaqin vaqt ichida kelishilgan hududlardan qo‘shinlarni olib chiqib ketish va u yerda chegara xizmatlarini joylashtirishga kelishib olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing