Ozarbayjon arman tomonining buzg‘unchi harakatlariga qaramay tinchlik dasturini ilgari surdi

Olam

image

Ozarbayjon arman tomonining buzg‘unchi harakatlariga qaramay, tinchlik dasturini ilgari surishga qaror qildi. Bu haqda kecha, 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining yuqori darajadagi haftaligi doirasida Demokratiya va iqtisodiy taraqqiyot tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 39-yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi. 

Kengash yig‘ilishida Gruziya Tashqi ishlar vaziri Ilya Darchiashvili, Moldova Tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Niku Popesku va Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ishtirok etgan. 

Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida mojarodan keyingi davrda Armaniston bilan o‘tgan to‘qnashuv oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot bergan. Bayramov yig‘ilganlarni mintaqadagi tiklanish va qayta qurish chora-tadbirlari, ichki ko‘chirilganlarni qaytarish, mintaqada yashovchi arman millatiga mansub aholining integratsiyalashuvi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ayrim loyihalar, shuningdek, mintaqadagi minalar xavfi haqida gapirgan. 

Diplomat, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari o‘rtasida erishilgan uch tomonlama bayonot va kelishuvlar doirasida aloqa va transport liniyalarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini, Ozarbayjon esa tinchlik kelishuvi bo‘yicha taklifni ilgari surganini ta’kidlagan. 

Ammo shunga qaramay, Bayramovning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston jarayonga to‘sqinlik qilgan va kechiktirish taktikasiga o‘tgan, uch tomonlama bayonotlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan va so‘nggi oylarda yo‘qotishlarga olib kelgan yirik harbiy provokatsiyalarga yo‘l qo‘ygan.

Bayramov ishtirokchilarga Armaniston tomonining buzg‘unchi faoliyatiga qaramay, Baku tinchlik dasturini ilgari surishga qaror qilgani va bu yo‘nalishdagi muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qilgan. 

Vazir, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirib, muammoni xalqaro huquq asosida, ayniqsa, davlatlarning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida, hududiy yaxlitlik va suverenitet tamoyillariga muvofiq, diplomatiya yo‘li bilan hal etish muhimligini qayd etgan. 

Tashqi ishlar vazirining aytishicha, Ozarbayjon Ukrainaga birinchilardan bo‘lib gumanitar yordam ko‘rsatgan va shu paytgacha Ukrainaga 15 million yevrolik yordam yuborilgan. O‘z so‘zi yakunida vazir Ukrainani 2023 yilda Demokratiya va iqtisodiy taraqqiyot tashkilotiga raislikni qabul qilgani bilan tabriklagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

23

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing