Ozarbayjon Alisher Usmonov masalasida Fransiyaga bosim o‘tkazgan – OAV
Olam
−
15:17 776 2 daqiqa
Fransiya milliarder Alisher Usmonovga nisbatan joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilishni so‘ramoqda, bunga esa Ozarbayjonning Fransiyaga bosimi sabab bo‘lgan. Bu haqda manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Diplomatlarning aytishicha, Fransiya Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasini YeI doirasida ilgari surgan. Slovakiya ham ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Usmonov Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin, 2022 yilda Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga kiritilgan. Milliarder esa sanksiyalarni bekor qilish maqsadida Yevropaning turli mamlakatlarida bir nechta sud ishlarini boshlagan. Uning advokatlari sanksiyaga asos bo‘lgan OAVdagi ayrim bayonotlarni ham rad etgan.
Fransiyaning diplomatik manbalariga ko‘ra, Parijning Usmonovga oid pozitsiyasi milliy xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq. Fransiya xalqaro hamkorlarning bu boradagi murojaatlariga ijobiy munosabat bildirgan.
Yevropalik diplomatlar Fransiya Ozarbayjonni Usmonov masalasidan ikki fransuz fuqarosining hibsda saqlanayotgani yuzasidan Parijga bosim o‘tkazish uchun foydalanayotganlikda ayblayotganini bildirgan. Fransiya fuqarolaridan biri Ozarbayjonda josuslikda ayblanib, sudlangan. Parij esa uni noqonuniy ravishda hibsda saqlanayotganini aytgan.
Usmonovning YeI sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi masalasini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham ilgari ilgari surgan. Biroq Ozarbayjon nima sababdan aynan Usmonovning sanksiyalardan chiqarilishini istagani aniq emas.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatida qariyb 3 mingta kompaniya va jismoniy shaxs bor. Ularga nisbatan aktivlarni muzlatish va YeI hududiga kirishni taqiqlash kabi cheklovlar qo‘llanadi.
Sanksiyalar joriy yilning 15 sentyabrda tugashi kerak edi, biroq YeI davlatlari kelishuvga erisha olmagani sababli ularning amal qilish muddati 22 sentyabrgacha uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya va Slovakiyaning rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish talabi sabab tashkilot Rossiyaga qarshi cheklovlarni odatdagi muddatga emas, atigi bir haftaga uzaytirishga kelishgani haqida xabar berilgan edi.