Ozarbayjon harbiylari Armaniston tomonidan o‘qqa tutildi — Baku
Olam
−
26 iyul 2021
5953Ozarbayjon harbiylarining Kalbajar mintaqasidagi pozitsiyalari 26 iyulga o‘tar kechasi Armaniston tomonidan, shu jumladan granata otish moslamalari tomonidan intensiv o‘qqa tutildi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar bergan.
Ozarbayjon Armanistonni Tog‘li Qorabog‘dagi harbiylarga qarata snayper miltiqlari va avtomatlardan o‘q uzganlikda ayblamoqda. Mudofaa vazirligiga ko‘ra, hodisada hech kim jarohat olmagan.
“26 iyul kuni soat 03:00 dan (Toshkent vaqti bilan 04:00) Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Basarkechar mintaqasida turli yo‘nalishlarda joylashgan jangovar pozitsiyalardan Kalbajar tumanidagi Ozarbayjon armiyasi pozitsiyalarini intensiv o‘qqa tuta boshlagan”, deya xabar bergan vazirlik.
Mudofaa vazirligiga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda joylashtirilgan Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari “javob choralarini ko‘rmoqda”.
Hozircha Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjonning bayonotiga nisbatan hech qanday izoh bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyat 12 maydan beri keskinligicha qolmoqda. O‘shanda Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari “chegarani sozlash” maqsadida Syunik viloyatining chegara tumanlaridan birida “ma’lum ishlarni” bajarishga harakat qilgani haqida ma’lum qilgandi. O‘shandan beri har ikki tomon vaqti-vaqti bilan turli hodisalar haqida xabar bermoqda.
Avvalroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Baku Yerevanga yana tinchlik shartnomasini imzolashni taklif qilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi