Bugun Oyga raketa qulaydi
Olam
−
08:45 2215 2 daqiqa
SpaceX kompaniyasining o‘tgan yildan beri koinotda uchib yurgan raketa bo‘lagi bugun, 5 avgust kuni yuqori tezlikda Oyga urilishi kutilmoqda. Bu haqda "Reuters" xabar berdi.
Maktab avtobusi hajmidagi mazkur ob’ekt 2025 yil yanvar oyida Firefly Aerospace kompaniyasining Oyga qo‘nish apparatini uchirgan SpaceX Falcon 9 raketasining ikkinchi bosqichidir.
Og‘irligi 4 tonna bo‘lgan raketa qismi Sharqiy Amerika vaqti bilan soat 02:35 da (GMT bo‘yicha 06:35) Oy yuzasiga soatiga taxminan 8 690 kilometr tezlikda urilishi kutilmoqda. To‘qnashuv natijasida Oy changi ko‘tariladi, u Quyosh nurida yoritilishi mumkin, ammo Yerdan oddiy ko‘z bilan ko‘rish qiyin bo‘ladi.
SpaceX'ning ma’lum qilishicha, to‘qnashuv rejalashtirilmagan. Raketa bo‘lagi Oyning g‘arbiy qismida joylashgan Eynshteyn krateriga tushishi kutilmoqda. Bu hudud Yerdan yaxshi ko‘rinmaydi.
Oddiy hollarda raketa ikkinchi bosqichi yukni belgilangan orbitaga chiqargach, Yer atmosferasiga qaytib yonib ketadi yoki okeanga qulaydi. Biroq mazkur missiya Oyga yo‘naltirilgani uchun ko‘proq kuch talab etilgan va ikkinchi qismi koinotda qolib ketgan.
Faqat joriy yil boshida astronomlar yoqilg‘isi tugagan va boshqarib bo‘lmaydigan raketa qismi Oyga olib boradigan orbitaga tushganini aniqlagan.
“Quyosh faolligi va tortishish kuchlarining uyg‘un ta’siri uni Oy tomon yo‘naltirdi”, degan SpaceX’ning NASA ilmiy dasturlari va Dragon loyihasi direktori Julianna Shayman.
Astronomik dasturlar yaratuvchisi Bill Greyning fikricha, ushbu hodisa katta xavf tug‘dirmaydi, ammo kosmik chiqindilarni utilizatsiya qilish masalasiga yetarlicha e’tibor berilmayotganini ko‘rsatadi.
Oyga kosmik chiqindilarning urilishi kamdan-kam uchraydi. 2022 yilda Xitoy raketasining bir qismi Oyga qulagan. 2009 yilda esa NASA Oy changi va moddalarini o‘rganish maqsadida raketa qismini ataylab Oyga qulatgan.
So‘nggi yillarda Oyga yumshoq qo‘nishga uringan bir nechta kosmik apparat ham halokatga uchragan. Rossiyaning “Luna-25” missiyasi 2023 yilda, Hindistonning “Chandrayaan-2” va Isroilning “Bereshit” apparatlari esa 2019 yilda Oy yuzasiga qulab tushgan.
Live
Barchasi