Ovoz G‘aniyevniki, ammo... – Bosh prokuratura o‘rganish natijalarini e’lon qildi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Shuhrat G‘aniyevning internet tarqalgan ovozi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv bo‘yicha natijalarni e’lon qildi. Unda shunday deyiladi:

"Joriy yilning 10 dekabr kuni Internet nashrlarida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevga tegishli hamda tahdid mazmunidagi tarqalgan audioyozuvdagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani Avtoshohbekati yonidagi avtomobil yo‘lida to‘planib turgan taxminan 20-30 nafar fuqarolar tomonidan elektr va gaz ta’minotida uzilishlardan norozilik bildirilayotganligi aks etgan videolavha tarqalgan.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Sh.G‘aniyev Quva tumanidagi holat bo‘yicha tuman hokimiga yuzlangan holda muomala madaniyatidan chetga chiqib, tahdidiy va qo‘pol so‘zlar ishlatgan. Ushbu holat noma’lum shaxs tomonidan yozib olinib, tarqatilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda joriy yilning 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tahdidiy va qo‘pol so‘zlarni ishlatganligi aniqlandi. 

Shuhrat G‘aniyevning so‘zlarida inson hayotiga va sog‘lig‘iga tajovuz qiladigan real tahdid, ya’ni ularni amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud emasligini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.

Biroq, Shuhrat G‘aniyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, Davlat boshqaruvi  organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari talablarini buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga xat yuborildi".

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 dekabr kuni tarqalgan audioyozuvda Quva tumani hokimi va Shuhrat G‘aniyev suhbati aks etgani aytilgan. Unda viloyat hokimi tuman hokimiga blogerning janozasini o‘qishni buyuradi.

Viloyat hokimligi Matbuot xizmati audioyozuvdagi ovoz “pranker”lar tomonidan o‘xshatilganini iddao qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

489

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing