Ovora bo‘lmang! AQSH Isroilni himoya qiladi – Blinken
Olam
−
12 Oktabr 2023
13635AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga boshqa davlatlar yoki terrorchilar tomonidan hujum qilingan taqdirda, AQSH Isroilni himoya qilishini aytdi. Bu haqda u Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
"Isroilda va boshqa joylarda biz Prezident Bayden kecha e’lon qilgan aniq ogohlantirishni takrorlaymiz. Bu hozirgi inqirozdan foydalanish va Isroilga hujum qilish haqida o‘ylayotgan davlat yoki har qanday nodavlat tuzilmaga qaratilgan. Ovora bo‘lmang! Qo‘shma Shtatlar Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi ", degan Blinken.
Shuningdek, u mudofaa mahsulotlarining to‘rtta jo‘natmasi allaqachon Isroilga yetib kelganini, yana ko‘p yuklar yo‘lda ekanini aytgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning mudofaa ehtiyojlari ortib borayotgani sababli, Davlat departamenti ularni qondirish uchun AQSH Kongressi bilan hamkorlik qilmoqda.
Shu bilan birga, AQSH Davlat kotibi HAMASga qarshi kurashda Isroil millati va dinidan qat’i nazar, tinch aholiga zarar yetkazishdan qochishi kerakligini urg‘uladi.
"Tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rish juda muhim. Biz e’tiqodi va millatidan qat’i nazar, mojaro avj olgan paytda halok bo‘lgan barcha uchun qayg‘uramiz", deydi Blinken.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun Eronni Isroildagi mojaroga aralashishi oqibatlaridan ogohlantirgandi. NBC telekanali esa Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi esa AQSH Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun qo‘shin yuborish niyatida emasligi, biroq Isroilga harbiy yordam yetkazib berishni boshlagan va yaqin kunlarda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini aytdi.
LiveBarchasi