Ottava Kiyevga zirhli texnikalar va’da qildi
Olam
−
23 Sentabr 2023
2365Kanada Ukrainaga harbiy yordamning yangi paketini tayyorladi, uning bir qismi sifatida kelasi uch yil ichida Kiyevga 50 ta zirhli texnika o‘tkaziladi. Bu haqda kecha, 22 sentyabr kuni “UKRAЇNSKA PRAVDA” nashri xabar berdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Kanada parlamentiga tashrifi chog‘ida Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo bilan yangi harbiy yordam paketi haqida suhbatlashgan.
“Hukumatimiz Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini aniq aytdim. Biz uzoq muddatli, ko‘p yillik majburiyatni o‘z zimmamizga olamiz, bu esa Ukrainani barqaror qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi”, degan Tryudo.
Bildirilishicha, yordam paketiga taxminan 650 million dollarlik 50 ta zirhli texnika kiradi. Mashinalar Ontario provinsiyasida ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Bosh vazir Ottavadan ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘rgatishda yordam berishini kafolatlagan.
“Biz Ukrainaga yuqori aniqlikdagi kameralar bilan jihozlangan 35 ta dron yuboramiz, texnik yordam, shuningdek, yengil texnika va o‘q-dorilar bilan ta’minlaymiz”, deya ishontirgan Tryudo.
Kanada matbuotining yozishicha, Ottava Kiyevga 482 million dollar ajratish, shuningdek, Leopard 2 tanklarini Ukraina armiyasiga topshirishni reja qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kanada Rossiyaning sanksiyalar ro‘yxatiga yana 42 jismoniy va 22 yuridik shaxsni qo‘shgandi. Ro‘yxatga Rossiyaning ayrim universitetlari, jamoat tashkilotlari va nashrlari kiritilgan. U yerda ayrim siyosatshunoslarning ismlari ham keltirilgan.
LiveBarchasi