Maqsad KXSHTga jalb qilishmi? Rossiya Afg‘onistonga qo‘shni ittifoqchilariga arzon narxda qurol sotmoqchi

Olam

image

Rossiya Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlarga Afg‘oniston bilan chegarani mustahkamlash uchun imtiyozli narxlarda qurol va texnika yetkazib berishga tayyor. Bu haqda RF Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Borisov “Armiya-2021” forumida ma’lum qildi.

“Biz janubiy chegaralarimizni mustahkamlash uchun barcha chorani ko‘ramiz. Jumladan siz aytganlarini ham”, degan u jurnalistning tegishli savoliga javoban.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev KXSHTning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi.

Navbatdan tashqari sessiyadan keyin KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas O‘zbekiston tashkilotga qaytadimi, degan savolga javob berdi.

"O‘zbekiston Prezidentining barchamiz uchun juda muhim mavzudagi sessiyada ishtirok etganini mamnuniyat bilan qarshi olamiz. Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyormiz. Bunday hamkorlik amalga oshirilyapti. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari birgalikdagi mashg‘ulotda qatnashyapti. Ammo mamlakatning tashkilotimizga qaytishiga kelsak, bu avvalo o‘zbek xalqi va mamlakat rahbariyatining xohishiga bog‘liq", degan Vasilevich

KXSHT qanday tashkilot?

KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan

Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Rossiya qurol eksportidan 15,6 mlrd dollar foyda ko‘rgan. Pandemiyali yilda davlat mudofaa buyurtmasining 99,5 foizi bajarilgan.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

KXShT

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing